Foto: AP
Kolumbiya okrugi federal sudyasi Tanya Chatken AQSH sobiq prezidenti Donald Trampga 2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirish ishi bo‘yicha ba’zi maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishni taqiqladi, deb yozadi The New York Times.
«Hatto tomonlar yoki ular advokatlarining noaniq bayonotlari, agar ular guvohlarni qo‘rqitish yoki potensial sud hay’ati a’zolariga zarar yetkazish maqsadida talqin qilinsa ham, jarayonga xavf tug‘dirishi mumkin», — dedi sudya. Ogohlantirish bir yarim soat davom etgan majlis doirasida e’lon qilindi, unda tomonlar ruxsat etilgan ma’lumotlarni oshkor qilish doirasini muhokama qildi – bu shunday jinoiy ishlarda odatiy hol, deb yozadi nashr.
Sudya: Tramp boshqa ayblanuvchilar kabi cheklovlarga ega bo‘ladi
Reuters xabariga ko‘ra, sudya prokurorlarning e’tirozlariga qaramay Trampga ba’zi maxfiy bo‘lmagan materiallar bilan bo‘lishishga ruxsat bergan. Himoya tomoni Tramp maxfiy dalillar tafsilotlaridan guvohlarni qo‘rqitish uchun foydalanishi mumkinligini ta’kidladi va buni sobiq prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari bilan izohladi.
«U jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchi. U ham boshqa sudlanuvchilar kabi cheklovlarga ega bo‘ladi. Bu ish odatdagidek davom etmoqda. Ayblanuvchining siyosiy kampaniyada ishtirok etishi unga ko‘proq yoki kamroq harakat erkinligini bermaydi» , deb xulosa qildi Chatken.
Trampga uchta alohida ish bo‘yicha ayblov qo‘yildi
Majlisda ko‘rib chiqilgan ayblovlarni maxsus prokuror Jek Smit avgust oyining boshida ilgari surdi. Sobiq prezident 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilishga urinishda ayblangan. U fuqarolarning huquqlarini buzish, hukumatni aldash maqsadida til biriktirish, rasmiy tartib-qoidalarga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda.
Ayblov versiyasiga ko‘ra, 2021 yilning 6 yanvarida Tramp va uning sheriklari prezidentlik saylovlaridagi soxtalashtirishlar haqida yolg‘on bayonot tarqatish, shuningdek, zo‘ravonlik va tartibsizliklarni keltirib chiqarishga undash orqali rasmiy ovoz berish natijalarini bekor qilishga uringan. Maxsus maslahatchi Jek Smitga ko‘ra, aynan Trampning yolg‘onlari Kapitoliyga hujumga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Bu Trampga qo‘yilgan uchta ayblovdan biridir. Bundan tashqari, sobiq prezident aktrisa Stormi Deniyelsga aloqalari haqida sukut saqlashi uchun pul to‘laganini yashirganlikda va o‘z qarorgohida maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlaganlikda ayblangan. Tramp barcha ayblovlarni rad etyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!