22:59 / 19.09.2023
393

Konstantinovkadagi bozorda ukrainlar raketasi portlagan

Konstantinovkadagi bozorda ukrainlar raketasi portlagan
Foto: Reuters

Amerikaning New York Times gazetasi mualliflari Konstantinovka shahri markazidagi bozorga yo‘llangan zarba katta ehtimol bilan ukrainlarning mo‘ljaldan adashgan raketasi orqali berilgan, degan xulosaga kelgan maqolani e’lon qildi.

6 sentabr kuni Donetsk oblastining Konstantinovka shahrida ro‘y bergan portlash oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lib, 30 dan ortiq kishi yaralangan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy zarbada Rossiya armiyasini ayblagan.

Ammo New York Times jurnalistlari guvohlarning so‘zlari, raketa qoldiqlari va raketa uchirilgan joydagi izlarni o‘rgangan holda boshqa xulosaga kelishgan.

Shu bilan birga, NYT maqolasi mualliflari «Ukrainaga bosqin vaqtida Rossiya bir necha bor va tizimli ravishda fuqarolarga hujum qilib, maktablar, bozorlar va turar joylarga zarba bergani, bu esa aholini qo‘rqitish uchun amalga oshirilgan taktika bo‘lgani»ni qayd etgan. RF armiyasi xuddi shu Konstantinovka shahrini 2023 yil aprelida o‘qqa tutishi oqibatida olti kishi halok bo‘lgani eslangan.

Ammo Konstantinovkada 6 sentabr kuni ro‘y bergan fojia holatlari bozorda ukrainlar raketasi portlaganidan darak bermoqda, degan NYT muxbirlari.

«Zarbadan keyin Ukraina hukumati New York Times jurnalistlari jabrlangan hududga kirishi va raketa parchalarini qo‘lga kiritishiga to‘sqinlik qilishga urindi. Ammo keyinroq reportyorlar voqea joyida bo‘lib, guvohlardan intervyu oldi hamda qo‘llangan qurol qismlarini yig‘ishdi», — deyilgan surishtiruvda.

NYT tadqiqoti mualliflari qayd etishicha, ularda ukrainlar raketasi qanday qilib Konstantinovkaga kelib tushib portlagani haqida ma’lumot yo‘qligini bildirishgan. Ammo bu elektronika nosozligi yoki uchirish vaqtida dum qismidagi shikastlanish tufayli raketa belgilangan kursdan og‘ib ketgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Zarba, katta ehtimol bilan, baxtsiz hodisa oqibati bo‘lgan, deyiladi maqolada.

Raketa shimoli-g‘arbdan uchib kelganmi?

Zarbadan ko‘p vaqt o‘tmay Conflict Intelligence Team tadqiqot guruhi asoschisi Ruslan Leviyev Konstantinovkadagi portlash aks etgan va prezident Zelenskiy tarqatgan videoni tahlil qilgan holda raketa katta ehtimol bilan ukrain armiyasi pozitsiyalari joylashgan shimoli-g‘arb tomondan uchib kelganini aytdi.

Leviyev shuningdek, raketa ukrainlar samolyoti tomonidan uchirilganini taxmin qilgan. Shu bilan birga, u ham bu qasddan amalga oshirilgan zarba emas, fojiali tasodif bo‘lganini qayd etgan.

NYT jurnalistlari o‘z xulosalarini quyidagicha asoslagan:

  • Raketa kelib urilishi qo‘shni hududlarda ketayotgan janglar bilan bir vaqtda ro‘y bergan. 6 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Konstantinovkani o‘qqa tutgandi; mahalliy telegram-kanallar xabar berishicha, bozorga zarba kelishidan bir necha daqiqa oldin ukrain artilleriyasi shahar hududidan turib o‘t ochgandi.
  • Kuzatuv kameralaridagi kadrlar ko‘rsatishicha, raketa Konstantinovkaga RF armiyasi egallab turgan hududlardan emas, Ukraina nazoratidagi hudud tomondan kelgan. Jurnalistlar shunday taxmin qilishmoqda, chunki raketa yaqinlashganida videodagi o‘tkinchilarning kamida to‘rt nafari bir vaqtda kamera tomonga, ya’ni Ukraina nazorati ostidagi hudud yo‘nalishida o‘girilib qaragan. Bundan tashqari, portlashdan bir necha soniya oldin yo‘l chetidagi avtomobillarda raketa aks etgan, bu esa u shimoli-g‘arbdan harakatlanganini ko‘rsatadi.
  • NYT va portlovchi moddalar bo‘yicha ekspertlar tahliliga ko‘ra, portlash hosil qilgan o‘ra va u atrofda keltirib chiqargan shikastlanishlar ham raketa aynan shimoli-g‘arbdan kelganini ko‘rsatadi.
  • NYT jurnalistlari tasdiqlashicha, ularda ukrain harbiylari bozordagi portlashdan bir necha daqiqa oldin Konstantinovkadan taxminan 15 kilometr-shimoli-g‘arbda joylashgan Drujovka shahridan front chizig‘i tomon «yer-havo» tipidagi ikkita raketa uchirgani to‘g‘risida dalillar mavjud. Xususan, bu vaqtda Drujkovkada bo‘lgan nashr reportyorlari soat 14:00 da va yana bir necha daqiqa o‘tganidan keyin yana bir raketa uchirilgani ovozini eshitishgan. Ikkinchi uchirish ovozi tasodifan guruh a’zolaridan birining telefoniga yozilib qolgan. Yana ikki guvoh nashrga Konstantinovka yo‘nalishida uchayotgan raketani ko‘rganini aytgan. Ukrainalik harbiylardan biri NYT uchun anonim tarzda bergan intervyusida shu vaqtda ikkita raketa uchirilganini tasdiqlagan.
  • Ushbu raketalar uchirilish vaqti soat 14:04 da Konstantinovkadagi bozorda ro‘y bergan portlash vaqtiga to‘g‘ri keladi.
  • NYT jurnalistlari raketalar uchirilgan hududda — Drujkovka atrofidagi dalada ham bo‘lishgan, mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu hududda Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi raketa komplekslarini ko‘rishgan. Ular bu yerda okoplar va zirhli texnika gusenitsasi qoldirgan izlarni, shuningdek, yerda kuyishdan qolgan dog‘larni uchratishgan — bu izlar raketalar uchirilishi vaqtida hosil bo‘lgan. Fojiadan oldin va keyin olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilgan holda, maqola mualliflari zarba kuni bu yerda raketa uchirilishining yangi izlari paydo bo‘lgan, degan xulosaga kelishgan.
  • Surishtiruv mualliflari eslatganidek, Ukraina hukumati Rossiya kuchlarini Konstantinovkaga zarba berish uchun S-300 havo hujumidan mudofaa tizimining takomillashtirilgan raketasini qo‘llashda ayblagan. Ammo, maqolada aytilishicha, S-300 tizimida bozorda portlaganidan boshqacharoq jangovar kallakdan foydalaniladi.
  • Jurnalistlar Konstantinovka bozoridagi binolar fasadlarini shikastlagan elementlar hosil qilgan teshiklarni o‘lchab chiqishgan hamda hajmi va shakliga ko‘ra ular faqat bitta raketaga — «Buk» zenit-raketa kompleksidan uchiriladigan 9M38 raketasiga mos keladi, deb topishgan. Bunday qurol Ukrainada ham, Rossiyada ham mavjud. Taqqoslash uchun, NYT reportyori Rossiyaning S-300 va S-400 tizimlaridan, shuningdek Amerikaning ikkita havo hujumidan mudofaa kompleksidan uchiriladigan raketalarning zarba beruvchi elementlari namunalarini o‘rganib chiqqan.
  • O‘q-dorilarni zararsizlantirish sohasidagi yana ikki mutaxassis ham anonimlikni saqlagan holda Konstantinovkada aynan 9M38 raketasi portlagan, degan xulosani bergan. Surishtiruv mualliflari xulosasiga ko‘ra, Konstantinovkadagi yong‘in chiqishiga kelib urilgan raketada hali sarflanib ulgurmagan yonilg‘i qolgani ham sabab bo‘lgan.
Konstantinovkaga zarba oqibatlari
Andriy Reznikov / Global Images Ukraine / Getty Images

Ukraina hukumati nima deydi?

Ukraina QK rasmiysi The New York Times nashriga bergan izohida mamlakat maxsus xizmatlari hodisani tergov qilayotganini aytgan, shu bilan birga, Ukraina qonunchiligiga havola bergan holda boshqa tafsilotlarni ochiqlashni rad etgan.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak oldinroq Ukraina hukumati bu borada tekshiruv o‘tkazmoqchi emasligi, chunki Kiyevga Konstantinovkaga zarba rossiyalik harbiylar tomonidan berilgani «yaqqol ayon» ekanini aytgandi.

«Biz har bir vayrongarchilikdan keyin tasdiqlashimiz kerak, chunki kimdir chiqadida, aytadi: „Bilasizmi, Ukraina o‘ziga o‘zi hujum qilyaptimi“? Bu har tunda va har kunduzi qaysidir shaharga, ayniqsa chegara hududidagilarga zarbalar berayotgan Rossiya Federatsiyasining raketa hujumlaridan biri ekani bizga ayon va tasdiqlangan», — degandi Podolyak.

The New York Times surishtiruvi 18 sentabr kuni e’lon qildi — xuddi shu kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShga uchib bordi. U AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashadi va BMT Bosh Assambleyasida chiqish qiladi.

Zelenskiy Konstantinovka o‘qqa tutilishi bilanoq Rossiya qo‘shini shahar bozoriga qasddan zarba berganini aytgandi: «Ular ataylab bozorni mo‘ljalga olib zarba berdi. Shunchaki bozor, do‘konlar va dorixonalar bo‘ylab berilgan zarba. Men ko‘p marta o‘z jamoam bilan Konstantinovkada bo‘lganman va bu fuqarolik hududi ekanini ko‘pchilik biladi. Uning yaqinida ham hech qanday harbiy qism bo‘lmagan». Zelenskiy shuningdek zarba «rossiyalik terrorchilar artilleriyasi»dan yo‘llanganini ta’kidlagandi.

Ukraina xavfsizlik xizmati  maqoladan keyin ham Konstantinovkaga 6 sentabr kungi zarba rossiyalik harbiylar tomonidan yo‘llanganini ta’kidlashda davom etmoqda.

UXX mazkur holat bo‘yicha urush qonunlari va urf-odatlarini buzish moddasi bo‘yicha tergov harakatlarini boshlagan. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, raqib fuqarolik obektiga S-300 kompleksi orqali zarba bergan, deyilgan BBC News Ukraina uchun berilgan izohda.

«Fojia joyida olingan raketa parchalari ham shundan dalolat beradi, — deyilgan izohda. — Tergov shuningdek dushmanning ushbu zarbaga aloqadorligini ko‘rsatuvchi boshqa qator materiallarni ham o‘rganmoqda. Ayni vaqtda sudga tergov harakatlari davom etmoqda, qator ekspertizalar tayinlangan».


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Konstantinovkadagi bozorda ukrainlar raketasi portlagan