FIFA JCH-2026 da Kongo DR safida noqonuniy darvozabon o‘ynashiga ko‘z yumgani fosh bo‘ldi

FIFA JCH-2026 da Kongo DR safida noqonuniy darvozabon o‘ynashiga ko‘z yumgani fosh bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • FIFA, Kongo DR terma jamoasi darvozaboni Lionel Mpasi-Nzo saralash va hal qiluvchi bahslarda noqonuniy ishtirok etganini bilgan holda bunga ko‘z yumgan.
  • Hujjatlardagi soxtalik va rad etilgan Nigeriya shikoyati sababli, Mpasi-Nzo sport fuqaroligini o‘zgartirish jarayonini yakunlamagan va zarur ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan.
  • FIFAning bu harakatsizligi natijasida Kongo DR Yamaykani mag‘lub etib, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) jahon chempionati tarixidagi eng yirik huquqiy mojarolardan birining markazida qoldi. Nufuzli The New York Times nashrining surishtiruviga ko‘ra, tashkilot rahbariyati va yuristlari Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi darvozaboni Lionel Mpasi-Nzo saralash va hal qiluvchi bahslarda qonunga xilof ravishda ishtirok etganini bilgan holda bunga ko‘z yumgan.

Odatda terma jamoalar safida o‘ynash huquqiga ega bo‘lmagan futbolchi maydonga tushsa, qoidalarga muvofiq jamoaga to‘g‘ridan to‘g‘ri texnik mag‘lubiyat yoziladi. Biroq FIFA Kongoga nisbatan hech qanday sanksiya qo‘llamagan.

Hujjatlardagi soxtalik va rad etilgan Nigeriya shikoyati

Fransiyada tug‘ilib, Fransiya yoshlar ligalarida to‘p surgan hamda ayni paytda Liga 1da «Gavr» sharafini himoya qiluvchi Mpasi-Nzo bilan bog‘liq muammo sport fuqaroligini o‘zgartirish jarayoni bilan bog‘liq:

  • Fuqarolik jarayoni yakunlanmagan: Mpasi-Nzo Fransiyadan sport fuqaroligini Kongo DRga o‘tkazish uchun talab qilinadigan rasmiy jarayonlarni nihoyasiga yetkazmagan va zarur ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan;

  • Nigeriya shikoyati ko‘rib chiqilmadi: Afrika saralashida Nigeriya Kongo DRga mag‘lub bo‘lgach, ushbu darvozabonning noqonuniy o‘ynagani bo‘yicha FIFAga rasman shikoyat kiritgan edi. Biroq xalqaro tashkilot Nigeriyaning qonuniy da’vosini shunchaki «protsessual qoidabuzarlik» degan bahona bilan rad etgan;

  • FIFA va Infantino raddiyasi: Mazkur surishtiruvga javoban tashkilot o‘z qo‘mitalari mutlaqo avtonom ekanini hamda FIFA prezidenti Janni Infantino qaror qabul qilish jarayoniga aslo aralashmaganini ta’kidladi.

Yamayka bilan final va Mundial yo‘llanmasi

FIFAning ushbu harakatsizligi natijasida noqonuniy posbon qit’alararo hal qiluvchi pley-off finalida ham maydonga tushgan:

  • Yamaykaning alamli mag‘lubiyati: Qit’alararo pley-offning hal qiluvchi bahsida Kongo DR Yamaykani qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida taslim etib, Jahon chempionati chiptasiga ega bo‘ldi. Ichki hujjatlar bu bahsda ham Mpasi-Nzoning maydonga tushish huquqi yo‘qligini ko‘rsatsa-da, yana hech qanday chora ko‘rilmadi;

  • Texnik mag‘lubiyat nega berilmadi: Qoidalar to‘liq ishlatilganida, Kongo DR saralashdayoq musobaqadan chiqarib yuborilishi va Yamayka yoki Nigeriya Mundialga borishi kerak edi.

Jahon chempionati: O‘zbekiston bilan to‘qnashuv va Shomurodovning supergoli

Jahon chempionati final bosqichiga yo‘l olgan Kongo Demokratik Respublikasi turnir davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan bir guruhdan joy oldi:

  • 3-turdagi to‘qnashuv: Guruh bosqichining 3-turida kongoliklar O‘zbekiston ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi;

  • Shomurodov urgan supergol: O‘sha uchrashuvda aynan mojarolar markazidagi Lionel Mpasi-Nzo Kongo darvozasini qo‘riqlagan va Eldor Shomurodov tomonidan yo‘llangan chiroyli supergolni o‘tkazib yuborgan edi;

  • Pley-off va Angliya to‘sig‘i: Ushbu g‘alaba Kongo DRga guruhda 3-o‘rinni egallab, 1/16 finalga chiqish imkonini berdi. Biroq pley-off bosqichida ular Angliyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashdi.

The New York Times tomonidan e’lon qilingan mazkur dalillar FIFAning adolat va tenglik tamoyillariga jiddiy soya solmoqda hamda jahon futboli rahbariyatidan rasmiy va ochiq izoh talab qilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar