18:36 / 29.06.2024
1 098

Osiyodagi eng badavlat odamning yolg‘iz qizi — Isha Ambani qanday yashaydi?

Osiyodagi eng badavlat odamning yolg‘iz qizi — Isha Ambani qanday yashaydi?
Bu qiz muvaffaqiyatli, o‘qimishli va aql bovar qilmaydigan darajada boy. Turmushga chiqqanida kiygan kelinlik libosining o‘zi 12 million dollarga tushgan. 2018 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan to‘yning o‘ziga esa 100 million dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.

Neft magnati Mukesh Ambanining yagona qizi Isha milliarderning o‘g‘liga turmushga chiqqan. Ikki yil oldin u egizaklar — Krishna va Adiyani dunyoga keltirdi. Oila Arab dengizining ajoyib manzaralari ko‘rinib turadigan 50 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega hashamatli besh qavatli uyda yashaydi.

Isha yaqinda Los-Anjelesdagi yana bir hashamatli uyini Gollivudning mashhur juftligi — Ben Afflek va Jennifer Lopesga 61 million dollarga sotdi.

Isha Ambani Mukesh va Nita Ambani oilasida ota-ona bo‘lishga 7 yillik muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng tug‘ilgan. Shifokorlar qizning onasiga hech qachon farzand ko‘ra olmasligini aytishadi. Ammo mo‘jiza sodir bo‘ladi — 1991 yil 23 oktyabrda EKU yordamida egizaklar Akash va Isha dunyoga keladi. To‘rt yildan keyin esa ularning ukasi Anant tug‘iladi.

Mukesh Ambani bu voqeani shunday eslaydi: “Nita AQSHda tug‘ishga qaror qildi. Men xotinimni Amerikaga olib kelib, Hindistonga qaytayotgan edim. Samolyot uchuvchisi menga bir o‘g‘il va bir qizning otasi bo‘lganimni aytdi. Akash va Isha muddatidan oldin tug‘ildi va men darhol ortga qaytganman”.

Nita bolalarga qanday ism qo‘yishimni so‘raganida, ularning tug‘ilgani haqidagi xabarni eshitganimda tog‘lar uzra uchib o‘tayotganimni esladim. Shunday qilib, qizimizga Isha, ya’ni “Tog‘lar ma’budasi”, o‘g‘limizga esa “Osmon” degan ma’noni anglatuvchi Akash ismini qo‘ydik.

Ajoyib tasodif tufayli yillar o‘tib Isha Ambani va uning turmush o‘rtog‘i Anand Piramal ham egizak farzand ko‘rishadi.

Isha Ambani oilaning yagona qizi bo‘lib, malikadek tarbiyalangan. Ota-onasi uni qo‘llarida ko‘tarib, tom ma’noda gard yuqtirmagan. U onasi boshqaradigan Dhirubhai Ambani xalqaro maktabida o‘qigan.

U, shuningdek, sport bilan shug‘ullanib, musiqa maktabiga ham boradi. Isha Yel universitetini psixologiya va Janubiy Osiyo tadqiqotlari bo‘yicha ikki tomonlama mutaxassislik bo‘yicha tamomlagan va Stenford universitetining MBA darajasiga ega.

Qo‘shma Shtatlardan qaytishdan oldin u bir muddat McKinsey&Company xalqaro konsalting kompaniyasida biznes-tahlilchi bo‘lib ishlagan. 2008 yilda Forbes jurnali Ishani dunyodagi ikkinchi eng yosh milliarder merosxo‘r deb topadi. O‘sha paytda uning boyligi 73 million dollarga baholangan.

23 yoshida u oilaviy biznesga qo‘shiladi va hozirda Reliance'ning sho‘ba korxonalari direktorlar kengashi a’zosi. Isha bugungi kunda Hindistondagi eng yirik telekommunikatsiya provayderi bo‘lgan Reliance kompaniyasining 4G telekommunikatsiya xizmati Jio‘ning muvaffaqiyatli ishga tushirilishida muhim rol o‘ynaydi.

Isha turli xayriya ishlarida ham faol ishtirok etadi. U mamlakatdagi ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq taraqqiyotiga e’tibor qaratuvchi jamg‘arma hammuassisi hisoblanadi. Shuningdek, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir nechta xayriya tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

Biroq Isha qanchalik xayriya ishlari bilan shug‘ullanmasin, u ko‘pincha hashamatli hayoti uchun tanqid qilinadi. Uning to‘yi hanuzgacha dunyodagi eng qimmat to‘ylardan biri hisoblanadi. Dabdaba shu darajaga yetganki, hatto to‘y taklifnomalari ham tilla bilan bezatilgan.

Aytishlaricha, odam qanchalik boy bo‘lsa, shunchalik sodda kiyinadi va kiyim tanlashga kamroq vaqt, kuch va energiya sarflaydi. Ammo bu Isha Ambani haqida emasligi aniq. U bashang ko‘rinishni shunchalik yaxshi ko‘radiki, ko‘pincha liboslari bilan hammani hayratda qoldiradi.

U bir necha o‘n minglab dollarlik ipak sari kiyib chiqishi yoki akasining to‘y oldidan tashkil qilingan ziyofatga oltin va olmosdan tikilgan bluzka kiyishi mumkin. Bunday hashamatli liboslar, hisob-kitoblarga ko‘ra, qo‘shni Pokiston yalpi ichki mahsulotidan ham qimmat turadi.

Bitta bluzka uchun o‘nlab million dollar — hatto malikalar ham bunday kiyim kiymagan. Bugungi kunda moda mutaxassislari Ishani qanday liboslar tanlashini ko‘rish uchun uning chiqishlarini intiqlik bilan kutishadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Osiyodagi eng badavlat odamning yolg‘iz qizi — Isha Ambani qanday yashaydi?