Tailandlik qiz bir vaqtning o‘zida egizak aka-ukalar bilan sevishmoqda

Tailandlik qiz bir vaqtning o‘zida egizak aka-ukalar bilan sevishmoqda
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Tailandning Nakxon-Pxanom hududida yashovchi 24 yoshli Nong Fah ismli qiz egizak aka-uka Sing va Suea bilan bir vaqtning o‘zida sevgi munosabatida ekanini ma’lum qildi.
  • O‘tgan yili restoranda ofitsiant bo‘lib ishlagan qiz mijoz bo‘lib kelgan yigitlar bilan tanishib, keyinchalik ular bilan yaqin munosabat o‘rnatgan.
  • Qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qiluvchi aka-ukalar va Nong Fah olti oydan buyon jiddiy kelishmovchiliklarsiz birga yashab kelmoqda.

Tailandda yashovchi 24 yoshli qiz bir vaqtning o‘zida ikki nafar egizak aka-uka bilan munosabatda ekanini oshkor qilgach, internet foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Uning g‘ayrioddiy sevgi hikoyasi ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib, ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Tailandning Nakxon-Pxanom hududida yashovchi Nong Fah ismli 24 yoshli qiz o‘ziga xos munosabati tufayli qisqa vaqt ichida mamlakatda tanilib ketdi. U TikTok ijtimoiy tarmog‘ida egizak aka-uka — Sing va Suea bilan bir vaqtning o‘zida sevgi munosabatida ekanini tasdiqladi. Qizning aytishicha, aka-ukalar ham uni ikkalasi birgalikda sevishlariga qarshi emas.

G‘ayrioddiy munosabat qanday boshlangan?

Nong Fah mahalliy jurnalistlarga bergan intervyusida egizaklar bilan o‘tgan yili tanishganini aytdi. O‘sha paytda u Nakxon-Pxanom universitetidagi o‘qish xarajatlarini qoplash uchun restoranda ofitsiant bo‘lib ishlayotgan edi.

O‘tgan yilning yozida bir kuni Sing va Suea bir nechta do‘stlari bilan u ishlaydigan restoranga kelishgan. Dasturxon atrofidagi yigitlardan biri qizdan telefon raqamini so‘ragan. Shunda ulardan biri hazillashib, u yigitning yoshi kattaroqligini aytib, raqamni Nong Fahdan emas, balki egizak aka-ukalardan biriga berishni taklif qilgan. Qiz o‘sha paytda bu gapni oddiy hazil sifatida qabul qilgan. Biroq keyinchalik aynan shu hazil uning hayotidagi g‘ayrioddiy munosabatning boshlanishiga aylangan.

Taxminan bir oy o‘tgach, Sing va Suea yana restoranga kelishdi. Bu safar uchalasi o‘zaro suhbatlashib, yaqinroq tanishishdi va Tailandda keng qo‘llaniladigan Line messenjeridagi aloqa ma’lumotlarini almashishdi.

O‘sha kuni Nong Fah uyiga qaytgach, dastlab egizaklarning kattasi Singdan, biroz vaqt o‘tib esa Sueadan xabar oldi. Qiz ularning har ikkisi bilan bir vaqtning o‘zida yozishib, suhbatlashishni boshladi. Vaqt o‘tishi bilan esa ikkalasiga ham ko‘ngil qo‘yganini angladi.

«Ikki aka-uka ham menga nisbatan rashk qilishmasdi va hech qachon bir-biri bilan janjallashishmagan. Chunki ularning ikkalasi ham meni yaxshi ko‘rardi, men ham ularni sevardim», — dedi Nong Fah.

Qizning so‘zlariga ko‘ra, munosabatlarining dastlabki davrida ular alohida yashashgan. U Narotchxvay hududidagi Noyen Sa-at qishlog‘i, 8-hududdan xona ijaraga olgan, egizaklar esa shu hududdagi Nong Bua qishlog‘i, 1-hududdagi o‘z uylarida istiqomat qilishgan.

Qizning sevgililari qishloq xo‘jaligida ishlaydi

Oq kiyimdagi bir ayol va ikki erkak oq devor oldida jilmayib turishibdi.

Nong Fah egizak yigitlarning kam ta’minlangan oiladan ekanligi uni hech qachon tashvishlantirmaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Sing ham, Suea ham qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qiladi.

Egizaklarning kattasi Sing traktor haydasa, Suea sholi o‘rish kombaynini boshqaradi. Nong Fah esa ularga moliyaviy masalalarni tartibga solishda yordam beradi. Qiz har ikkisi uchun alohida bank hisob raqamlari ochib bergan. Bu orqali aka-ukalar har oy qancha mablag‘ jamg‘arishganini kuzatib borishlari mumkin.

Ularning munosabatlari boshlanganiga olti oydan oshgan bo‘lib, Nong Fahning aytishicha, shu vaqtgacha jiddiy muammolar kuzatilmagan. Munosabatlarning odatdagidan farq qilishiga qaramay, uchalasi o‘zaro kelishib yashashmoqda.

Qizning ta’kidlashicha, egizaklar juda bosiq, kamgap va uyatchan yigitlar. Ular bir-biri bilan tortishish yoki janjallashishdan qochishadi. Agar uchalasi o‘rtasida biror kelishmovchilik yuzaga kelsa, odatda birinchi bo‘lib e’tiroz bildiradigan ham Nong Fahning o‘zi ekan. Yigitlar esa mojaroga kirishishdan ko‘ra, tinchlikni saqlashni afzal ko‘rishadi.

Oilalar avval qarshilik ko‘rsatgan

Nong Fahning tan olishicha, munosabatlarining dastlabki bosqichida har ikki oila ham bu g‘ayrioddiy munosabatni qabul qilishga qiynalgan. Bir vaqtning o‘zida egizak aka-ukalar bilan sevgi munosabatida bo‘lish ular uchun kutilmagan holat bo‘lgan.

Biroq vaqt o‘tishi bilan oila a’zolari uchalasining bir-biri bilan yaxshi munosabatda ekanini va birga yashashga moslasha olganini ko‘rishgan. Shundan so‘ng ular ham bu munosabatni qabul qilishgan.

Ularning TikTok'da tarqalgan videosi esa internet foydalanuvchilari orasida turlicha fikrlarni keltirib chiqardi. Ayrimlar Nong Fahning tanlovini tanqid qilgan bo‘lsa, boshqalar uchalasining o‘z qarorini ochiq bildirishga jur’at etganini qo‘llab-quvvatladi.

Qiz egizaklarga salbiy izohlarga e’tibor bermaslikni maslahat bergan. Uning fikricha, bu ularning shaxsiy tanlovi bo‘lib, ular boshqa odamlarga zarar yetkazmayotgan ekan, o‘z hayotlari haqidagi qarorni mustaqil qabul qilishga haqli.

Mashhurlik ularga yangi takliflarni ham olib keldi

Tailandda Nong Fah va egizak aka-ukalarning hikoyasi keng tarqalganidan keyin, ularga turli kompaniyalar va shaxslardan takliflar kela boshladi. Jumladan, ularga ijtimoiy tarmoqlarda mahsulotlar va tadbirlarni reklama qilish bo‘yicha hamkorlik taklif qilinmoqda.

Shunga qaramay, hozircha uchalasi ham bunday imkoniyatlardan ko‘ra o‘z ishlari va munosabatlariga ko‘proq e’tibor qaratishmoqda. Nong Fahning hikoyasi esa internetda muhokamalarni davom ettirib, odamlarning shaxsiy munosabatlar va tanlovlarga bo‘lgan qarashlari turlicha ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar