13:30 / 16.07.2024
90

Rossiyada general Ivan Popov uy qamog‘iga o‘tkazildi

Rossiyada general Ivan Popov uy qamog‘iga o‘tkazildi
Ivan Popov Foto: Ramil Sitdikov / RIA Novosti
Rossiya QKning 58-armiyasi sobiq qo‘mondoni, katta miqdordagi firibgarlikda ayblangan general-mayor Ivan Popov tergov hibsxonasidan uy qamog‘iga o‘tkazildi. Bunday qaror 15 iyul, dushanba kuni Moskvadagi 235- harbiy garnizon sudi tomonidan qabul qilindi, deb yozadi «Mediazona».

Tergov qo‘mitasining harbiy boshqarmasi tergovchisi Popovga nisbatan ehtiyot chorasini yumshatish haqida murojaat qildi. General sud zalida hibsdan ozod qilindi. Majlis yopiq eshiklar ortida o‘tdi.

General Ivan Popovga qarshi ish

General-mayor Ivan Popov may oyining o‘rtalarida RF JKning 159-moddasi 4-qismiga binoan hibsga olingan (uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan katta hajmdagi firibgarlik). Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2023 yilda Zaporijjya viloyatida jangovar chiziqdagi muhandislik mudofaa inshootlarini jihozlash uchun mo‘ljallangan, qiymati 130 million rubldan ortiq bo‘lgan 1,7 ming tonnadan ortiq metall prokatini o‘g‘irlashda ishtirok etgan. Iyul oyining boshida Popovga yakuniy ayblov qo‘yildi, unga mansab soxtakorligi ayblovi qo‘shildi (RF JKning 292-moddasi 2-qismi).

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin Popov Zaporijjya yo‘nalishi uchun mas’ul bo‘lgan 58-umumqo‘shin armiyasi qo‘mondoni etib tayinlandi. 2023 yil iyul oyida Davlat dumasi deputati Andrey Gurulev generalning harbiy xizmatchilarga audiomurojaatini e’lon qildi, unda u «yuqori boshqaruv bilan bog‘liq qiyin vaziyat» haqida gapirgan.

Boshqa narsalar qatorida, Popov rahbariyatga kontrbatareya kurashish moslamalari va artilleriya razvedka stansiyalari yo‘qligi, shuningdek, askarlarning «ommaviy o‘limi va jarohati» haqida xabar berganini aytgan, shundan so‘ng u bir kun ichida xizmatdan chetlatildi. O‘sha oyda u Rossiya harbiy kontingentining «rahbarlaridan biri» sifatida Suriyaga jo‘natildi, deb yozdi Ukraina Oliy radasi sobiq deputati Oleg Sarev o‘zining Telegram-kanalida.

Mudofaa vazirligi mansabdorlarining jinoiy ishlari

Ivan Popov ishi Rossiyada Mudofaa vazirligi sobiq yuqori martabali amaldorlariga qarshi davom etayotgan yagona jarayon emas. Aprel oyida Moskvaning Basmanniy tuman sudi RF mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Timur Ivanovni o‘ta yirik miqdorda pora olganlikda gumon qilib, ikki oy muddatga tergov hibsxonasiga jo‘natdi (RF JKning 290-moddasi 6-qismi). Vazir o‘rinbosari bilan birga uning sherigi deb taxmin qilingan Sergey Borodin ham hibsga olingan. U ham ikki oy muddatga tergov izolatoriga jo‘natilgan.

13 iyul, shanba kuni Rossiya mudofaa vazirligining yuqori martabali amaldorlariga pora berganlikda ayblanayotgan yana bir ayblanuvchi, 52 yoshli tadbirkor Igor Kotelnikov tergov izolatorida vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Uning yurak xurujidan vafot etgani haqida huquq faoli va Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi (IHK) a’zosi Yeva Merkacheva xabar berdi.

Bundan tashqari, Rossiyada Mudofaa vazirligi kadrlar bo‘limining sobiq boshlig‘i Yuriy Kuznetsov, shuningdek, Bosh shtab rahbari o‘rinbosari Vadim Shamarin hibsga olingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada general Ivan Popov uy qamog‘iga o‘tkazildi