O‘qituvchi talabani ishidan ayrilishdan qo‘rqib o‘ldirganlikda ayblandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Janubiy Koreyada 31 yoshli o‘qituvchi Chjen Chanshen o‘zi dars bergan 25 yoshli talabani o‘ldirib, jasadini tashlab ketishda gumonlanmoqda.
- O‘qituvchi munosabatlari fosh bo‘lsa, ishidan ayrilib qolishdan qo‘rqqani uchun jinoyat sodir etgan.
- Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fojia 20 avgust kuni Chjennning studiya xonadonida yuz bergan.
- Chjenga qotillik, jasadni maydalash, tashlab ketish va politsiyani chalg‘itish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Janubiy Koreyada universitet o‘qituvchisi o‘zi dars bergan talaba bilan munosabatda bo‘lgani va bu aloqa fosh bo‘lsa, ishidan ayrilishidan qo‘rqqani sababli uni o‘ldirganlikda ayblandi. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov materiallari prokuraturaga yuborildi.
31 yoshli xitoylik o‘qituvchi Chjen Chanshen 25 yoshli, avval uning darsida qatnashgan xitoylik magistratura talabasini o‘ldirish va jasadini bir nechta joyga tashlab ketishda gumon qilinmoqda.
Politsiya ishni 4 sentyabr kuni prokuraturaga yuborgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fojiali voqea 20 avgust kuni tongga yaqin Janubiy Koreyaning Kyonsan shahridagi Chjenning studiya xonadonda sodir bo‘lgan.
Marhuma talaba 14 avgust kuni magistrlik diplomini olish uchun Janubiy Koreyaga kelgan. U diplom topshirish marosimi o‘tkazilgan kecha bedarak yo‘qolgan.
Chjen o‘sha universitetda ikki fan bo‘yicha dars bergan va yana mashg‘ulot o‘tkazishi kerak bo‘lgan. Politsiyaning bildirishicha, u talaba bilan munosabati oshkor bo‘lsa, ishidan ayrilib qolishidan qo‘rqqan.
Kuzatuv kameralarida Chjen va talaba 20 avgust kuni taxminan soat 14:00 da uning xonasiga kirib kelgani aks etgan.
Keyinchalik o‘qituvchi talabaning bedarak yo‘qolgani haqida politsiyaga xabar bergan va o‘zini uning yigiti sifatida tanishtirgan.
Biroq tergovchilar uning bergan ma’lumotlarida ziddiyatlar borligini aniqlagan. Politsiya ma’lum qilishicha, Chjen talabaning telefonini Dundegu vokzali yaqinida o‘chirib qo‘ygan.
Shuningdek, u politsiyani chalg‘itish va talaba hali harakatlanayotgandek tasavvur uyg‘otish maqsadida uning kiyimlarini kiyib, harakatlarini soxtalashtirganlikda ham gumon qilinmoqda.
Chjen 25 avgust kuni ko‘chada qo‘lga olingan. O‘sha kuni talabaning jasadi uning xonadonidan topilgan.
Mahalliy politsiya 1 oktyabrga qadar uning shaxsi va fotosuratini jamoatchilikka oshkor qilgan. Maxsus komissiya bunday qarorni jinoyatning og‘irligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar, dalillarning yetarliligi hamda kelgusida shunga o‘xshash jinoyatlarning oldini olish zarurati bilan izohlagan.
Chjenga qotillik, jasadni maydalash, jasadni tashlab ketish, uni yashirish hamda politsiya xodimlariga to‘sqinlik qilish kabi bir qator ayblovlar qo‘yilgan.
Degu tuman sudi uning qochib ketishi mumkinligidan xavotirlanib, qamoqda saqlash haqida qaror chiqargan.
Tergov jarayonida Chjen ular o‘rtasida janjal kelib chiqqanini va u talabaning hayotiga qasd qilganini aytgan. Biroq bu uning bayonoti bo‘lib, sud tomonidan tasdiqlangan yakuniy xulosa emas.
Dastlab u psixologik tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan. Keyinchalik esa mazkur ekspertizadan o‘tgan. Bu haqda “Need To Know” xabar berdi. Tekshiruv natijalari hozircha jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.
Ayni paytda universitet ma’muriyati Chjen boshqa xitoylik talabalarga ham nomaqbul munosabat yoki takliflar bildirgan-bildirmaganini tekshirmoqda.
Janubiy Koreyaning Pusan shahridagi Xitoy konsulxonasi esa voqea yuzasidan to‘liq tergov o‘tkazish va aybdorga nisbatan qat’iy chora ko‘rishga chaqirgan.
Marhuma talabaning ismi rasman oshkor qilinmagan.
Ayni vaqtda jinoyat ishi bo‘yicha prokuratura materiallari sudga yuborilgan bo‘lib, ishning keyingi taqdiri sud jarayonida hal etiladi.






























Izohlar 0
…