13:55 / 16.07.2024
33

Mask Tramp kampaniyasiga millionlab dollar ajratadi

Mask Tramp kampaniyasiga millionlab dollar ajratadi
Foto: REUTERS/Gonzalo Fuentes
Amerikalik milliarder Ilon Mask o‘zining saylovoldi kampaniyasi doirasida prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampga keng ko‘lamli moliyaviy yordam bermoqchi. Bu haqda 15 iyul, dushanba kuni The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi. Nashr manbalariga ko‘ra, Mask Tramp kampaniyasiga oyiga 45 million dollar xayriya qilishga tayyor.

Mablag‘lar America PAC siyosiy harakatlar qo‘mitasiga yo‘naltiriladi. Bloomberg avvalroq Mask ushbu tashkilotga yashirincha katta miqdorda xayriya qilgani haqida xabar bergan edi. America PAC Trampning saylovoldi shtab-kvartirasi bilan bevosita bog‘liq emas, ammo AQSH sobiq prezidenti uchun «sahna ortida» ishlaydi, saylovchilarni o‘rganadi va ommaviy axborot vositalarida buyurtma qilingan materiallarni nazorat qiladi, deya aniqlik kiritdi Bloomberg. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, America PAC shtatlarda saylovchilarni ro‘yxatga oladi va ularni erta ovoz berishga chaqiradi.

Qo‘shma Shtatlardagi siyosiy harakatlar qo‘mitasi prezidentlikka nomzodlardan birining saylovoldi kampaniyasiga pul xayriya qiluvchi donorlarni birlashtirgan tashkilotdir. Bunday qo‘mitalar uchun xayriya miqdorida cheklov yo‘q.

Tramp-Mask munosabatlari

Ilgari Ilon Mask va Donald Tramp o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lsa, so‘nggi paytlarda ular yaqinroq bo‘lib qoldi, deb yozadi Bloomberg. Shu tariqa, endi milliarder sobiq prezidentga elektromobillar va kriptovalyutalar masalalari bo‘yicha maslahat beradi. «U meni hech qanday sababsiz chaqiradi», dedi Mask iyun oyida Tesla aksiyadorlarining yillik yig‘ilishida Tramp bilan davom etayotgan munosabatlari haqida. O‘z navbatida, Tramp elektr transport vositalarining ashaddiy muxlisi ekanini ta’kidladi. «Men Ilonning muxlisiman, u Tesla bilan aql bovar qilmaydigan ishni qilmoqda», - deya sobiq prezidentning so‘zlarini keltiradi Reuters.

13 iyul kuni Donald Tramp Pensilvaniyada o‘z tarafdorlari oldidagi miting chog‘ida uyushtirilgan suiqasdda yaralanganidan so‘ng, Mask X ijtimoiy tarmog‘ida uni qo‘llab-quvvatladi. Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka, Jeyms Devid Vens vitse-prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilganiga Mask shunday izoh bilan munosabat bildirdi: «g‘olibona eshitilyapti».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mask Tramp kampaniyasiga millionlab dollar ajratadi