16:47 / 28.09.2024
3

Norvegiya ukrainlarga avtomatik ravishda boshpana berishni to‘xtatadi

Norvegiya ukrainlarga avtomatik ravishda boshpana berishni to‘xtatadi
Foto: Dmitriy Korotayev / Kommersant’
Norvegiya hukumati juma kuni barcha ukrainaliklarga avtomatik boshpana berishni to‘xtatishini e’lon qildi. Endi Ukrainaning g‘arbiy oblastlari – Lviv, Volin, Ivano-Frankivsk, Ternopil, Rovno va Karpatortidan kelgan qochqinlarning arizalari alohida ko‘rib chiqiladi, deb xabar beradi RTE. Norvegiya hukumati bu hududlarni xavfsiz deb hisoblaydi, chunki ular frontdan uzoqda.

Norvegiya adliya vaziri Emiliya Enger Melning ta’kidlashicha, 5,6 million aholiga ega mamlakat keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri 85 mingga yaqin ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan — bu ba’zi shaharlarda uy-joy, sog‘liqni saqlash va maktablar uchun ortib borayotgan yuklamani keltirib chiqaradi. Mel, shuningdek, boshpana izlovchilar orasida harbiy yoshdagi erkaklar ulushi ortib borayotganini, Ukraina esa Rossiya tajovuzini qaytarish uchun askarlarni yollashga urinayotganini qayd etdi.

Urushning dastlabki oylarida Norvegiya barcha ukrainaliklarga boshpana bergan, biroq keyin qoidalarni kuchaytira boshlagan. Avgust oyida qabul qilish markazlarida joylashmasdan, mustaqil ravishda o‘z turar joylarini tashkil etgan qochqinlar 520 yevro oylik nafaqadan mahrum bo‘ldi. Bunday markazlarda yashovchilar uchun Norvegiya hukumati uy hayvonlarini saqlash xarajatlarini qoplashni to‘xtatdi. Shu bilan birga, Norvegiyadan Ukrainaga qaytishga qaror qilganlarga 1500 yevro miqdorida bir martalik to‘lov berila boshlandi.

Sentyabr oyida Oslo og‘ir yaralangan ukrainaliklarni Yevropaga tibbiy evakuatsiya qilish dasturi uchun deyarli 9 million yevro ajratishi ma’lum bo‘ldi. Mamlakat bosh vaziri Yonasa Gar Styorening so‘zlariga ko‘ra, urush vaqtida Norvegiya samolyotlari 1931 nafar yarador ukrainalikni evakuatsiya qilgan – bu Ukrainadan Yevropaga davolanish uchun olib kelinganlarning deyarli yarmi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Norvegiya ukrainlarga avtomatik ravishda boshpana berishni to‘xtatadi
ePN