Ukraina Qrim ko‘prigiga yana dron va raketalar bilan zarba berdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 17 noyabr kuniga o'tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan dronlar va raketalar yordamida amalga oshirilgan hujum natijasida Qrim ko'prigining avtomobil qismi yaroqsiz holga kelib, uning konstruksiyalari qulab tushdi.
- Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu operatsiya Xavfsizlik xizmati va Bosh shtab hamkorligida tayyorlangan yettinchi bosqich ekanligini hamda unda «Palyanitsya», «Neptun», «Flamingo» va «Ruta» vositalaridan foydalanilganini ma'lum qildi.
17 noyabr kuniga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Qrim ko‘prigiga dronlar va raketalar bilan zarba berdi. Hujum oqibatida ko‘prikning avtomobil qismidagi arka va oraliq konstruksiyalar qulab tushgan. Avtomobillar harakati to‘xtatilgan, deb xabar beradi Gazeta.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qilishicha, ko‘prikning avtomobil qismi yaroqsiz holga kelgan va undan mashinalar o‘ta olmaydi. Temiryo‘l tarmog‘i saqlanib qolgan bo‘lsa-da, uning arkasi ham shikastlangan.
Bu Ukraina harbiylarining Qrim ko‘prigiga ketma-ket ikkinchi kechada bergan zarbasi bo‘ldi. Bundan avval, 16 noyabrga o‘tar kechasi ham ko‘prik dronlar bilan nishonga olingan. O‘sha hujumdan keyin avtomobil harakati qariyb 17 soat davomida to‘xtatib qo‘yilgandi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy operatsiyaga bir necha hafta tayyorgarlik ko‘rilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Xavfsizlik xizmati va Qurolli kuchlar Bosh shtabi hamkorligida tayyorlangan operatsiyaning yettinchi bosqichi bo‘lgan. Unda Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari, radarlari, radioelektron kurash vositalari va boshqa nishonlar bosqichma-bosqich yo‘q qilingan.
Zelenskiy operatsiyaning yakuniy bosqichida «Palyanitsya» uchuvchisiz apparatlari, «Neptun» va «Flamingo» raketalari hamda «Ruta» dronlaridan foydalanilganini ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Rossiya har kuni Ukraina infratuzilmasiga, jumladan, ko‘priklarga zarba berayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Ukraina ham Rossiyaga urush boshlangan joyga qaytishini eslatmoqda.
Rossiya Transport vazirligi 17 noyabr kuni ertalab Qrim ko‘prigining avtomobil va temiryo‘l qismlarida harakat to‘xtatilganini bildirdi. Keyinroq temiryo‘l harakati bitta yo‘lak orqali qayta tiklangani ma’lum qilindi. Kechqurun hukumat komissiyasi yig‘ilishida ko‘prikdagi zararni baholash, ta’mirlash ishlarini boshlash va Qrimga yuklarni muqobil yo‘nalishlar orqali yetkazish masalalari muhokama qilindi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi hujumni terrorchilik harakati deb baholadi va Jinoyat kodeksining 205-moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, 16 va 17 noyabr kunlari ko‘prikga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali zarbalar berilgan, natijada uning konstruksiyalari shikastlangan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov hujum haqida Vladimir Putinga ma’lumot berilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘prik albatta qayta tiklanadi.
Bu Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Qrim ko‘prigiga uyushtirilgan uchinchi yirik hujumdir. 2022 yil oktyabrida yuk mashinasi portlashi oqibatida ko‘prikning ikkita oraliq qismi qulab tushgandi. 2023 yil yozida esa unga dengiz dronlari orqali hujum qilingan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…