date
views 74

Charlz III Avstraliyaning respublikaga aylanishiga qarshi emasligini bildirdi

Charlz III Avstraliyaning respublikaga aylanishiga qarshi emasligini bildirdi
Foto: PA/John Stillwell
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III agarda Avstraliya respublika boʻlishni xohlasa, unga xalaqit qilmaslikka va'da berdi. Bu haqda qirolning shaxsiy kotibi yordamchisi Natan Rossning Avstraliya respublikachilar harakatiga (ARM) yoʻllagan maktubiga tayanib, The Telegraph xabar berdi.

Hujjatda monarxning ushbu mamlakatga boʻlgan «ulkan muhabbati va sodiqligi» hamda avstraliyaliklarning qarashlari «inobatga olingani» haqida soʻz boradi.

Qirol Charlz III 18 oktyabr kuni Avstraliyaga olti kunlik rasmiy tashrifni amalga oshiradi va u mazkur materikka borgan birinchi britan monarxi boʻladi.

Tashrif avvalida ARM faollari unga maktub orqali murojaat yoʻlladi. Ular qirol bilan uchrashib, mamlakat konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritishni muhokama qilish masalasini koʻtargan. Qirol xushmuomalalik bilan uchrashuvni rad etgan, biroq «mamlakatning respublikaga aylanishini Avstraliya jamiyati hal etishi kerakligini» ta'kidlagan.

«Ushbu tashrif Elizaveta II ning oʻlimidan keyin qirolning monarx sifatidagi obroʻsi uchun muhim sinov boʻladi. Chunki avstraliyaliklar kayfiyati respublikaga aylanish yoʻlida konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish tomon ogʻmoqda», — deyiladi xabarda.

ARM «davlat rahbari avstraliyalik boʻladigan Avstraliya respublikasi uchun xalq nomidan gapirayotgan asosiy organ ekanliklarini» ma'lum qilmoqda. Gazetalarning yozishicha, hatto referendum oʻtkazish ham Avstraliyani respublikaga aylantira olmaydi.

«Avstraliyada referendum oʻtkazish uchun ikkita toʻsiqni engib oʻtish kerak. Birinchisi — avstraliyaliklarning 50 foizdan ortigʻi «ha» deya ovoz berishi lozim, ikkinchisi — u aksariyat shtatlar qoʻllab-quvvatlovini olishi kerak. Agar uchta shtat referendum oʻtkazish tarafida boʻlib, uchtasi unga qarshi boʻlsa, ovoz berganlar soni 50 foizdan oshgan taqdirda ham referendum barbod boʻladi», — deya ta'kidlanadi xabarda.

2023 yil 6 may kuni Vestminster abbatligida Charlz III ga Buyuk Britaniya va Hamdoʻstlikning boshqa davlatlari qiroli sifatida toj kiydirish marosimi boʻlib oʻtgandi. Natijada, 2022 yil 8 sentyabrda rasman taxtga oʻtirgan Charlz III davlat boshligʻi boʻlgan hamda mamlakat qonunlarini va oʻzi oliy hukmdori sanaluvchi Anglikan cherkovini himoya qilishga qasamyod keltirgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Charlz III Avstraliyaning respublikaga aylanishiga qarshi emasligini bildirdi