Yaponiya rasman armiya tuzish va referendum o‘tkazishga tayyorlanmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Yaponiya hukumati Ikkinchi jahon urushidan buyon o‘zgarishsiz qolgan Konstitutsiyaning 9-moddasini isloh qilish va mamlakatda rasmiy armiya tuzish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshladi.
- Bosh vazir Sanae Takaiti ushbu tashabbusni 2027-yilning fevraliga qadar rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda.
Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon o‘zgarishsiz saqlanib kelayotgan Yaponiya Konstitutsiyasi tarixda ilk bor jiddiy islohotlar bo‘sag‘asida turibdi. Tokiodagi hukmron koalitsiya mamlakatning patsifistik (tinchliksevar) 9-moddasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal etish va yagona to‘xtamga kelish uchun rasmiy maslahatlashuvlarni boshladi.
Kyodo axborot agentligi xabariga ko‘ra, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti ushbu muhim parlament tashabbusini 2027 yilning fevraliga qadar to‘liq rasmiylashtirish niyatida.
Hukmron koalitsiyadagi tortishuv: 9-modda qanday o‘zgaradi?
Hukumat tarkibidagi partiyalar armiya maqomi bo‘yicha ikki xil yondashuvni ilgari surmoqda:
Liberal-demokratik partiya (LDP) taklifi: Bosh vazir Takaiti yetakchiligidagi asosiy kuch 9-moddani umumiy holda saqlab qolishni, biroq unga amalda faoliyat yuritayotgan «O‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari»ga rasmiy legal maqom beruvchi alohida band qo‘shishni taklif qilmoqda;
«Yaponiya yangilanish jamiyati» talabi: Vazirlar Mahkamasidagi kichik hamkor esa keskinroq yo‘lni tanlamoqda — ular quruqlik, dengiz va harbiy-havo kuchlariga ega bo‘lishni taqiqlovchi 2-bandni butunlay o‘chirib tashlab, konstitutsiyaga «Milliy mudofaa armiyasi» tushunchasini kiritish tarafdori;
Amaldagi taqiq: Hozirgi 9-moddaga binoan, yapon xalqi abadiy ravishda urushdan va xalqaro nizolarni qurolli kuch bilan hal qilishdan voz kechgan, davlatning urush olib borish huquqi esa rasman tan olinmaydi.
«Qog‘ozda politsiya, amalda qudratli armiya»
Garchi rasmiy qonunchilikda Yaponiya armiyaga ega bo‘lmasligi belgilangan bo‘lsa-da, real holat allaqachon global harbiy kuch darajasiga yetgan:
Zamonaviy flot va aviatashuvchilar: Tokio tuzgan «O‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari» nazariy jihatdan politsiya turi sifatida qaralsa-da, yaqin orada ikkita yengil aviatashuvchi bilan to‘ldiriladigan qudratli harbiy flotga ega;
5-avlod qiruvchilari va uzoq masofali raketalar: Zamonaviy harbiy-havo kuchlari beshinchi avlod uchoqlari bilan qurollangan, quruqlik qo‘shinlari arsenaliga esa yaqinda parvoz masofasi 1 000 kilometrga teng mobil yer usti raketalari qabul qilindi.
Referendum dovoni: Konstitutsiyani o‘zgartirish oson bo‘ladimi?
O‘zgarishlarni amalga oshirish jarayoni o‘ta murakkab qonuniy bosqichlardan iborat:
Parlamentdagi 2/3 ovoz to‘sig‘i: Qonunchilikka ko‘ra, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun parlamentning har ikkala palatasi deputatlarining kamida uchdan ikki qismi (2/3) roziligi shart;
Siyosiy muvozanat: 2026 yil fevral oyidagi saylovlar natijasida LDP asosiy quyi palatada uchdan ikki qismdan ortiq o‘rinni qo‘lga kiritdi, biroq yuqori palatada partiya hatto oddiy ko‘pchilikka ham ega emas;
Tarixiy referendum: Parlament roziligidan so‘ng mazkur taqdirsoz masala umumxalq referendumiga qo‘yilishi lozim — bunday referendum Yaponiya tarixida hali hech qachon o‘tkazilmagan.































Izohlar 0
…