
Urush davrida Rossiya jamiyatida kuch tuzilmalarining ta'siri oshib ketdi. Natijada eng zaif qatlam boʻlmish migrantlardan “dushman obrazi” yasalib, ular asossiz tarzda yoki arzimagan sabablar bilan qamoqqa olinyapti, koʻplari urushga joʻnatilyapti. Kun.uz muxbiri dolzarb mavzuni huquqshunos Botirjon Shermatov va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan muhokama qildi.
Qoʻshimcha qilib oʻtamiz, qator savollarga javob olish uchun koʻrsatuvga Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari ham taklif etilgandi, lekin ular bir haftadan koʻp muddatda ham turli sabablar bilan suhbatga kelmadi.
– Nima uchun mehnat muhojirlariga kurash asosiy mavzular qatoriga chiqib qoldi? Jamiyatda migrantofobiyani shakllantirish, ularning sharoitlarini ogʻirlashtiruvchi normalarni qabul qilishdan maqsad nima?
Botir Shermuhammad: – Men 2015 yilda ham Moskvada muhojirlarga atalgan dahshatli kamsituvchi yorliqlarga koʻzim tushgan, aytmoqchimanki, bu faqat bugun boʻlmayapti. Anchadan buyon bor. Migrantlar orasidagi jinoyatchilik Rossiyada 4 foizni ham tashkil etmaydi, lekin ularning jinoyatlari doim boʻrttirib koʻrsatiladi. Hozir esa muhojirlarga boʻlgan munosabat avvalgi davrlarga nisbatan ancha jiddiylashgan.
Rossiya televidenielarida ham qiynash, insonlarga shafqatsizlik videolari bemalol qoʻyilyapti – misol uchun, “Krokus”da gumonlanuvchilarning kaltaklangani tasviri. Jamiyatda shafqatsizlik oddiy qabul qilinmoqda. Bunga sabab jamiyatdagi kuchli norozilik eng kuchsiz qatlam boʻlmish muhojirlarga zarar etkazish bilan chiqarib berilmoqda. Chunki Rossiyada muhojirlar – eng zaif va himoyasiz qatlam.
Kamoliddin Rabbimov: – Har qanday demografik qisqarib borayotgan davlat muhojirlar masalasiga qattiq norozilik bilan qaray boshlaydi. Ular bizning hududni begonalar egallab bormoqda deb oʻylaydi. Putin hokimiyatga kelganiga chorak asr boʻlgan boʻlsa, ruslarning demografik oʻsishi biroz koʻpaydi. Neft narxi oshgan davrda Rossiya demografik qisqarishni kamaytirish uchun koʻplab chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Ammo bu ham katta foyda bermadi.
Boshqa tomondan, Rossiya avtoritar davlat boʻlgani uchun ham ksenofobiya ancha keng tarqalgan. Avtoritar davlatlarda “dushman qiyofasi”ning boʻlishi juda muhim. Ichimizda va tashqi dunyoda dushmanlarimiz bor va bunga qarshi birlashishimiz kerak, degan narsa bu. Misol uchun, Gʻarbga qarshi kurash, ukrainafobiya anchagina yashirin, lekin chuqur boʻlgan islomofobiya kabi holatlardan Rossiya juda ham ustakorlik bilan foydalanib kelyapti.
Migrantlar esa eng himoyasiz qatlam, shu yilning bahoridagi “Krokus siti”dagi harakatlar ham migrantlarning boʻyniga qoʻyildi va tezda bosdi-bosdi qilindi.
Botirjon Shermuhammad: – Ukraina urushidan oldin, tinchlik davrida Rossiya hukumatidagi iqtisodiy blokning ta'siri bor edi. Ular “bizga sogʻlom-liberal bozor kerak, migrantlarga ehtiyojimiz bor”, deb doim aytishardi. Hozir Rossiya iqtisodiy koʻrsatkichlarga deyarli e'tibor bermay qoʻydi, urush qatnashchilariga toʻlash orqali juda katta pullar iqtisodiyotga kiritilyapti. Uning inflyatsiyaga ta'siri hisobga olinmayapti. Dastlab urushga borganlarga bir martalik 200-400 ming rubl berilgan boʻlsa, hozir 3 million rublgacha chiqdi.
Hozir hech narsa hisobga olinmayapti-da, faqat kuch tuzilmalarining lobbizmi kuchaydi. 2024 yilning oʻzida Rossiyadagi chel el fuqarolarining holatiga doir qonunga 19 marta oʻzgarish taklif qilingan. Deyarli har hafta qaysidir amaldor yoki deputat migrantlar haqida biror salbiy taklif koʻtarib chiqyapti. Nafaqat oddiy migrantlar, balki ularning huquqini himoya qiluvchilarni ham umuman ovozini oʻchirishmoqchi.
Kamoliddin Rabbimov: – Rossiyadagi eng yirik ish birjasi 53 foiz ishchilar etishmayotganini aytmoqda. Putinga yaqin boʻlgan Markaziy bank raisi Elvina Nabiulina esa 72 foiz korxonalarga ishchi kuchi etishmayotganini aytmoqda. Nega bunday holatda migrantlarga kuchli bosim boʻlyapti? Buning bir qancha sabablari bor. Tashqi sabablar: Rossiya vaqti-vaqti bilan migrantlarga bosim qilish orqali migrantlar koʻp keladigan davlatlarga geosiyosiy bosim qiladi. Bu asosan Tojikiston, Qirgʻiziston yoki Oʻzbekistonga signal berish usuli, rasmiy Kremlning qarori boʻladi.
Bundan tashqari, har doim avtoritar davlatlarda kuchishlatar tuzilmalar oʻzining borligini, davlatdan olayotgan judayam katta resurslari, pullarini oqlash uchun ularga “dushman obrazi” judayam kerak. Biz boʻlmasak, osmon uzilib erga tushadi, degan ma'noda… Rossiyada ichki muxolifat, erkin OAV qolmadi, tozalandi. Endi ishlatish qulay boʻlgan omillardan biri sifatida migrantlar qoladi.
Rossiyada ultraoʻng kuchlar doim boʻlgan va ular aynan migrantlarni yoʻqotish tarafdori. Yaqinda Rossiya tergov qoʻmitasi raisi aynan migrantlardan 30 ming kishiga bosim qilingani, natijada 10 ming kishini urushga yuborishga “muvaffaq boʻlgani”ni aytmoqda. Ular urishishni bilmaydi-ku, degan savolga: “Hech boʻlmasa okop qaziy oladi-ku”, degan rossiyalik amaldor. Urushga jalb qilingan migrantlarning koʻpchiligi halok boʻladi.
– Soʻnggi vaqtlarda Rossiya aeroportlarida oʻzbekistonlik mehnat migrantlarini kiritmaslik, ularga fuqarolik taklif qilib, rad qilsa, qaytarib yuborish holatlari koʻpaygan. Ba'zi hollarda ular birinchi marotaba Rossiyaga borayotgan boʻlsa ham. Bunday vaziyat nega yuzaga kelmoqda? Oʻzbekiston hukumati bu borada nimalar qilyapti?
Kamoliddin Rabbimov: – Markaziy Osiyo davlatlari bu borada kutish siyosatini amalga oshirmoqda. Agar biz birin-ketin norozilik bildirsak, bu urushga biz ham tortilamiz deb oʻylashmoqda. Shu sababli ham davlatlar jim turishga va e'tibor bermaslikka harakat qilishmoqda. Ammo bir necha Markaziy Osiyo davlatlari birlashib, Rossiyaga javob qaytarishsa, Rossiya ham bunga e'tibor qilishga majbur boʻladi. Afsuski, biz bu imkonni qoʻldan boy beryapmiz.
Rossiyadagi muhojirlar masalasiga toʻxtalsak, Islom Karimov davrida Rossiyadagi muhojirlar rasman tan olinmayotgan edi. Bu orqali Oʻzbekistonga turli bosimlar oʻtkazilishining oldini olishga urinilgan. Tojikiston bilan Rossiya oʻrtasida muhojirlar masalasi rasmiy koʻrinishga ega boʻlgan. Ammo barcha Markaziy Osiyo davlatlari bu borada Rossiyaning kuchli bosimini sezadi va bunga javob berishdan koʻra e'tibor bermaslikni afzal bilishadi.
Botir Shermuhammad: – Rossiyaga kirish va chiqish toʻgʻrisida qonun bor, undagi belgilangan tartib buzilsagina Rossiya hududiga boshqa davlat fuqarolarini kiritmasligi mumkin. Bu asoslar 17 tani tashkil etadi, biz bu bilan shugʻullanamiz. Ammo chegarada turganlar asosan kayfiyatiga qarab fuqarolarni chegaradan oʻtkazishmoqda. Kimningdir soqoli yoki sochi yoqmasa, yoki boshqa sabablar bilan.
Hatto Rossiya fuqaroligini olgan, ammo ota-onasi boshqa davlatdan boʻlganlarni ham ba'zida davlat hududiga kiritmay qoʻyishmoqda. Bu qanchalik qonunchilikka mos holat? Rossiyaga kiritilmayotganlarga hatto qonuniy hujjat ham, asos ham berishmayapti. Biz Rossiya fuqarolarini sababsiz Oʻzbekistonga kiritmay qoʻymayapmiz-ku.
– Rossiyaning ichida boʻlib turgan mehnat muhojirlarimiz soni qariyb 2 million. Xavotirli tarafi u joyda Rossiyaning Ukrainadagi urushiga jalb qilish uchun oʻzbek tilida targʻibotlar olib borilmoqda. Bunga qarshi qanday ishlar qilinyapti? TIV darajasida soʻrovlar yuborilganmi?
Botir Shermuhammad: – Oʻtgan yili Tashqi ishlar vazirligi xodimi Rossiyaga shu masalada murojaat qilingani va Rossiya hukumati oʻzbeklarni boshqa urushga safarbar qilmasligi toʻgʻrisida aytib oʻtgan edi. Ammo mana, oradan vaqt oʻtdi, biror katta yangilik boʻlmadi. Kuch tuzilmalari nima qilib boʻlsa ham urushga odam yigʻishni xohlaydi. Hatto sud jarayonidagi yoki hukmga mahkum qilingan jinoyatchi boʻlsa ham urushga qatnashishni xohlasa, uni jazodan ozod qilib urush jarayoniga yuborishmoqda. Bundan korruptsioner amaldorlar foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda qamoqdan chiqib urushga joʻnashini bildiruvchi videolar joylashmoqda.
Eng yomoni – rus tilini bilmaydigan fuqarolarimizni arzimagan bahonalar bilan qamoqqa olib, majburiy urushga yuborishmoqda. Menga bir muddat oldin bir jizzaxlik yigit nohaq qamalib, urushga borgani, urushda 4 ta barmogʻidan ajralib, kasalxonada yotganini va bu erdan qanday qilib Oʻzbekistonga qaytish mumkinligini soʻrab murojaat qilgan ekan.
Rossiyada urushga targʻibot kuchayib bormoqda. Hatto maktablarda birinchi partaga urushda halok boʻlgan odamning rasmi yopishtirilib, qahramon sifatida bolalarning ongiga singdirishmoqda. Koʻchalarda tojik, oʻzbek millatiga mansub odamlarning ismlari yopishtirilgan yorliqlarni ham koʻrish mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar