Maduro Ilon Maskni Venesuelada davlat toʻntarishiga urinishda aybladi

Maduro Ilon Maskni Venesuelada davlat toʻntarishiga urinishda aybladi
Foto: Getty Images
Amerikalik biznesmen Ilon Mask joriy yilning iyulida Venesuelada oʻtkazilgan prezidentlik saylovlaridan keyin davlat toʻntarishiga urinish uchun kamida 1 milliard dollar sarflagan. Bu haqda respublika prezidenti Nikolas Maduro Venezolana de Television telekanali efirida ma'lum qildi.

Venesuela yetakchisining soʻzlariga koʻra, ajratilgan mablagʻlar muxolif etakchi Mariya Korina Machado tomonidan taqsimlangan. U oʻz navbatida, terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bilan shugʻullangan.

«Mask magʻlubiyatga uchradi», — deydi Maduro. Venesuela prezidentining aytishicha, davlat toʻntarishi rejasi amalga oshmagan. Uning qoʻshimcha qilishicha, davlat toʻntarishiga urinish ortida «AQSh hukumati turibdi».

Avgust oyida Nikolas Maduro X ijtimoiy tarmogʻi koʻp marotaba mamlakat qonunchiligini buzganini, shu boisdan Venesuelada uning faoliyati toʻxtatilganini ma'lum qilgandi. Davlat rahbarining ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoq nafrat, fashizm, fuqarolar urushi, venesuelaliklar oʻrtasidagi qarama-qarshilikni qoʻzgʻatib, Venesuelaning barcha qonunlarini buzgan.

Avvalroq Venesuela hukumati Nikolas Maduro saylovlarda gʻalabaga erishganini e'lon qilganidan keyin oʻnlab jurnalist va faollarning xorijga chiqish pasportlarini bekor qilgandi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar