19:53 / 14.11.2024
44

Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?

Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Foto: Reuters
Isroil havo mudofaasi uch tizimdan tashkil topgan. Uzoq masofali ballistik raketalarga qarshi Arrow, o‘rta masofadagi tahdidlar uchun David's Sling tizimlari mavjud. Ammo tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinadigan va ekspertlar tomonidan “dunyoda eng yaxshisi” sifatida ta’riflanadigan uchinchi tizim “Temir gumbaz”dir. U asosan G‘azo va Livandan uchiriluvchi qisqa masofali boshqarilmaydigan raketalar, shuningdek, artilleriya snaryadlarini tutib olishga mo‘ljallangan. Yuqori aniqlik omilidan tashqari, kompleks intensiv hujumlarga dosh bera olishi, ya’ni favqulodda ko‘p nishonlarni baravariga zararsizlantirishi bilan mashhurdir.

Tizimlardan foydalanish qanchaga tushadi?

Biroq “Temir gumbaz”ning faoliyati ancha qimmatga tushadi. Boisi HAMAS va “Hizbulloh” tomonidan keng qo‘llanadigan “Qassam” hamda “Katyusha” raketalari 300-800 dollar turadi. Isroil tomonidan ularni tutib olishda ishlatiladigan “Tamir” raketalarining narxi esa 80 ming dollarga borishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, Tel Avivni shiddat bilan rivojlanib borayotgan lazerli mudofaa tizimlariga sarmoya kiritishga undadi.

Foto: Rafael Advanced Defense Systems
Iron Beam (“Temir nur”) tizimi ustidagi ishlar shu tariqa boshlandi. 2010 yili mazkur vazifa Isroilning yetakchi qurol ishlab chiqaruvchisi Rafael Advanced Defence Systems kompaniyasiga yuklatildi. Tizim 2020 yillar boshiga kelib keng jamoatchilikka tanishtirilgan bo‘lsa-da, uni “qurolli kuchlar inventariga qabul qilish uchun tayyor” deb e’lon qilishlariga yana ikki yil vaqt ketdi. Biroq 2022 yili Isroil Mudofaa vazirligi bayonot berib, sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgani, lekin jarayon yana uch yilga cho‘zilishini e’lon qildi. Shu tariqa “Temir nur” qalqonini joriy tizimlar bilan integratsiya qilish 2025 yilga qoldirildi.

Foto: Rafael Advanced Defense Systems
“Temir nur” ko‘p qatlamli havo mudofaa tizimida “Temir gumbaz”ning yonidan joy oladi. Yangi tizim yuqori sezgir radar, boshqaruv markazi va qurolning o‘zidan iborat kompleks hisoblanadi. U yuz kilovatt/soat quvvatli lazer qurolini nishonga yo‘naltirish orqali ishlaydi. Bu esa hozir qariyb yuz ming AQSH dollariga tushayotgan vazifani atigi 2-5 dollar bilan bajarish imkonini beradi.

Lazer qurolining kamchiliklari

Yuqorida sanab o‘tilgan afzalliklarga qaramay, tizim samaradorligini shubha ostiga oladigan omillar yetarlicha topiladi. Ularning eng birinchisi masofa bilan bog‘liq. Masalan, “Temir gumbaz” 70 kilometr masofadagi nishonlarni tutib olish salohiyatiga ega. Nur qalqonida esa bu ko‘rsatkich 10 kilometrga arang borishi mumkin.

Foto: Breaking Defense
Tizimning ishiga salbiy ta’sir qiladigan omillar ichida ob-havo ham bor. Tumanli hamda yomg‘irli sharoitda masofa va quvvat sezilarli darajada qisqaradi. Boisi namlik, chang va boshqa zarrachalar lazer nurini sochib, yakuniy nuqtada uning quvvatini kamaytirib yuboradi. Bu esa uzoq masofadagi nishonlarni tutib olishda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bilan birga, lazer tizimlari uchun yuqori quvvatli energiya, tabiiyki, shunga muvofiq infratuzilma talab etiladi. Ya’ni undan istalgan joyda erkin foydalanish imkonsiz. Bundan tashqari, lazer quroli bir vaqtning o‘zida faqat bitta nishonni zararsizlantirishi mumkin. Buning uchun ketadigan soniyalar ichida qolgan havo tahdidlari o‘tkazib yuborilishi mumkin. Agar ko‘p sonli raketa va dronlar orqali keng masshtabli hujum amalga oshirilsa, tizim ularning bari bilan shug‘ullanishga ulgurmasligi mumkin.

Rafael Advanced Defense Systems
Shunga qaramay, Isroil rasmiylari “Temir nur” tizimida istiqbolli qurolni ko‘ryapti. Tez-tez takrorlanadigan fikrlarga ko‘ra, u havo mudofaasi sohasida “keskin burilish” yasashi mumkin. Hozir tizimni ishlab chiqarish jarayonlari boshlangan. Isroil mudofaa vazirligi bu uchun Rafael va Elbit systems kompaniyalari bilan 500 million dollarlik shartnoma imzoladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?