17:23 / 10.12.2024
36

Isroil Suriyadagi «eng muhim harbiy obyektlar»ni portlatib yubormoqda

Isroil Suriyadagi «eng muhim harbiy obyektlar»ni portlatib yubormoqda
Suriyadagi manbalar Isroil jangovar samolyotlari butun Suriya bo‘ylab, jumladan seshanba tongida portlash ovozlari eshitilgan poytaxt Damashq atrofida o‘nlab zarbalar yo‘llagani haqida xabar berdi. Isroil mudofaa armiyasi bu xabarlar yuzasidan izoh bermadi; u shuningdek, Isroil quruqlik qo‘shini bufer zonadan Suriya ichkarisiga harakatlangani to‘g‘risidagi ma’lumotni ham inkor etgan.

Isroil Suriyadagi eng muhim 250 dan ortiq harbiy obyektga, jumladan, Rossiya bazalari joylashgan Lataqiyaga havo hujumlarni uyushtirdi. Foto: X / @ZainAbbadi11
AFP muxbirlari xabar berishicha, Damashqda kuchli portlash ovozlari eshitilgan. Agentlik tarqatgan fotosuratda ham Suriya poytaxti markazida ko‘tarilgan tutun ustuni aks etgan.

Ofisi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) seshanba tongidan boshlab 100 dan ortiq zarba berilanini bildirgan.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki kun mobaynida Isroil ag‘darilgan Bashar Asad rejimi harbiy salohiyatini yo‘q qilish maqsadida Suriya hududlari bo‘ylab jami 250 ga yaqin aviazarba yo‘llagan.

SOHR bayonotida zarbalar oqibatida «Suriyadagi eng muhim harbiy obyektlar yo‘q qilingani» aytilgan — jumladan, aeroportlar, aviatsiya eskadrilyalari, radarlar, signal stansiyalari, qurol va o‘q-dori omborlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda mamlakat shimoli-sharqidagi Lataqiya shahri portida turgan harbiy kemalar.

Yakshanba tongida boshlangan aviazarbalar Suriyaning barcha hududlarini qamrab olgan, deya qayd etadi monitoring markaz. Avvalroq SOHR Isroil aviazarbalari seriyasi Suriyaning bir necha viloyatlari, jumladan Damashqdagi harbiy obyektlarga qaratilgani haqida ma’lum qilgandi.

Dam olish kunlarida «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi suriyalik isyonchilar hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan va Damashqni egallagandi. Asad Rossiyaga qochdi, prezident Vladimir Putin unga boshpana berishga qaror qilgan.

Harbiy bazalar bo‘ylab zarbalar

Dushanba kuni kechqurun Reuters agentligi Isroil samolyotlari Suriya armiyasining o‘nlab vertolyotlari va samolyotlari joylashtirilgan uchta yirik aviabazasiga hujum qilgani haqida xabar berdi.

Nashrning Suriya xavfsizlik kuchlaridagi ikki manbasi mamlakat shimoli-sharqidagi Qamishli aviabazasi, Homs viloyatidagi Shinshar bazasi hamda Damashq janubi-g‘arbidagi aerodrom ushbu hujumlar nishoni bo‘lganini aytgan.

Shuningdek, Damashq chekkasidagi tadqiqot markazi va radioelektron kurash vositalari markazi bo‘ylab bir necha bor zarba berilgan, degan Reuters suhbatdoshlari. Bundan tashqari, dushanba kuni agentlik manbasi Lataqiya shahri porti yaqinidagi havo hujumidan mudofaa tizimi zarbaga uchraganini aytgan.

Yakshanba kuni, isyonchilar Damashqni qo‘lga olganida, Isroil poytaxt bo‘ylab uchta aviazarba yo‘llagandi — agentlik suhbatdoshlari aytishicha, o‘tmishda Eron raketalar ishlab chiqarishda foydalangan xavfsizlik kuchlari kompleksi hamda hukumat tadqiqot markazi bu zarbalarga nishon bo‘lgan.

Bundan tashqari, Isroil yakshanba kuni Suriya janubi-g‘arbidagi nishonlarga, jumladan, As-Suvayda shahridan shimolda joylashgan Xalxala aviabazasiga hujum qilgandi.

Isroilliklar ko‘p yillardan buyon Suriyadagi Eron bilan aloqador bo‘lgan obyektlarga zarbalar yo‘llab keladi, ular o‘tgan yil 7 oktyabrida Hamas uyushtirgan reyddan keyin bu yo‘nalishda ham faollashgandi.

Isroil mudofaa armiyasi oxirgi zarbalar yuzasidan rasmiy ma’lumot bermagan. Shu bilan birga, Isroil tomoni qurollar «ekstremistlar qo‘liga tushishi»ning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

Isroilning Jo‘lan tepaliklaridagi quruqlik amaliyoti

Isroillik harbiylar avvalroq doimiy joylashuv manzili Jo‘lan tepaliklari atrofidagi chegara hududda bo‘lgan 210-diviziya Suriya bilan chegara bo‘ylab «mudofaa amaliyoti»ni davom ettirayotganini ma’lum qilgandi.

SAHAL bayonotida aytilishicha, diviziya kuchlari yakshanba kuni kechqurundan «oldini olish harakatlari»ni boshlagandi, isroilliklar nazdida bu amaliyot Suriyadagi ichki vaziyat fonida Jo‘lan tepaliklari aholisi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Isroilda aytishlaricha, ular «mudofaani mustahkamlab, regionni har qanday ehtimoliy tahdiddan himoya qiladi».

Bu vaqtda Reuters agentligining Suriyadagi manbalari Isroilning qo‘shni mamlakat janubidagi harbiy bosqini davom etayotgani va SAHAL kuchlari Damashqdan 25 km janubi-g‘arbda turganini aytishgan.

Agentlik suhbatdoshlaridan biri ma’lum qilishicha, Isroil qo‘shini Katanaga yetib borishgan. Suriyaning ushbu aholi yashash manzili Isroil okkupatsiya qilgan Jo‘lan tepaliklarini Suriyadan ajratib turuvchi demilitarizatsiya zonasidan 10 km sharqda joylashgan.

Ammo Isroil tomoni bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, o‘z harbiylari bufer zona ichkarisida qolayotganini ma’lum qilgan. «Bu to‘g‘ri emas, kuchlarimiz bufer zonadan chiqqani yo‘q», — degan armiya vakili Reuters agentligiga.

BMT Isroil kuchlari bufer zona ichida harakatlanishini ham Isroil va Suriya o‘rtasida 1974 yilda tuzilgan qo‘shinlarni ajratish to‘g‘risidagi kelishuvni buzish hisoblanishini bildirgan. Asad rejimi qulagani ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu kelishuv endi amalda emasligini aytgandi.

Isroil Suriyadagi Jo‘lan tepaliklarining bir qismini 1967 yilgi Olti kunlik urush vaqtida bosib olgandi, shundan so‘ng BMT nazorati ostida qurolsizlantirilgan bufer zona yaratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Dushanba kuni BMT Xavfsizlik kengashi Suriyada Asad rejimi qulaganidan keyin yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilish uchun yopiq yig‘ilish o‘tkazdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Suriyadagi «eng muhim harbiy obyektlar»ni portlatib yubormoqda