O‘zbekistonda pensiya yoshi 2028 yildan oshirilishi mumkin

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘zbekistonda 2028 yildan boshlab pensiya yoshi har yili 3 oydan oshirilib, 2039 yilga kelib erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
- Ushbu o‘zgarishlar fuqarolarning pensiya tizimidagi ishtiroki va pensiya olish davri o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash hamda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining ortib borayotganini inobatga olgan holda taklif etilmoqda.
O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, 2028 yildan boshlab pensiya yoshi har yili 3 oydan oshirib boriladi. Natijada 2039 yilga kelib erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetkazilishi mumkin.
Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan “Aholi farovonligini ta’minlash va pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida ma’lum qilingan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur o‘zgarishlar fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimidagi ishtiroki bilan pensiya to‘lovlarini olish davri o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash maqsadida taklif etilmoqda. Shuningdek, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ortib borayotgani ham inobatga olingan.
Farmon loyihasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining bir qator takliflarini ma’qullash nazarda tutilgan.
Jumladan, 2027 yil 1 yanvardan boshlab umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirgan holda pensiya tayinlash amaliyotini bekor qilish taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, 2028 yil 1 yanvardan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borish belgilanadi. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 2039 yilda erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Pensiya yoshi oshirilayotgan davrda pensiyaoldi yoshidagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qator kafolatlar ham belgilanmoqda.
Xususan, fuqaroning pensiyaoldi yoshida ekanini sabab qilib, uni ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolar uchun pensiyaga 2 yil oldin muddatidan avval chiqish huquqi saqlab qolinadi.
Yerosti ishlarida, mehnat sharoiti zararli va og‘ir bo‘lgan ishlarda to‘liq ish kuni davomida mehnat qiladigan erkaklarga 50–55 yoshdan, ayollarga esa 45–50 yoshdan qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli pensiyaga chiqish imkoniyati ham saqlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, pensiya oluvchilarga amalda tatbiq etiladigan soliq, transport hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi imtiyozlar o‘z kuchida qoldiriladi.
Yana bir muhim jihat — erkaklarga 60 yoshdan, ayollarga esa 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqi berilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihaga muvofiq, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga, shuningdek, Soliq kodeksiga mazkur farmon loyihasidan kelib chiqadigan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.
Ayni paytda mazkur hujjat hali yakuniy qaror emas. Prezident farmoni loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 30 sentyabriga qadar davom etadi.
Shundan so‘ng bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olingan holda hujjatning yakuniy mazmuni shakllantirilishi mumkin.






























Izohlar 0
…