Futbolchi janjaldan so‘ng yetti tishidan ayrildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Niderlandiyada futbol uchrashuvi paytida yuzaga kelgan janjal oqibatida 25 yoshli himoyachi Kermo Dumay yetti tishidan ayrildi.
- GVVV jamoasi yordamchi murabbiyi Jon van Byokering Dumayga zarba berganlikda gumon qilinmoqda, ammo u buni aniq bilmasligini aytgan.
- Voqea sababli GVVV klubi Van Byokering aka-ukalari bilan shartnomani bekor qildi va Dumay politsiyaga ariza berishini ma’lum qildi.
Niderlandiyada futbol uchrashuvi vaqtida yuzaga kelgan janjal jiddiy tus oldi. O‘yin tanaffusida futbolchiga raqib jamoa yordamchi murabbiyi zarba bergani iddao qilinmoqda. Oqibatda 25 yoshli himoyachi yetti tishidan ayrilgan va shifoxonaga olib ketilgan.
Hodisa 12 sentyabr, shanba kuni Niderlandiyaning Spakenburg shahridagi IJsselmeervogels va GVVV jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda sodir bo‘lgan.
Uchrashuvda GVVV jamoasi 28-daqiqada penalti tepib, hisobni 0:1 ga o‘zgartirgan. Keyinchalik yana bir gol urib, ustunlikni 0:2 ga yetkazgan. Shundan so‘ng maydondagi vaziyat yanada taranglashgan.
Janjalga mezbonlar zaxira o‘rindig‘i oldida ikki futbolchining to‘p uchun kurashi sabab bo‘lgan. Ikki o‘yinchi yerga yiqilib, keyin bir-birini itargan. IJsselmeervogels futbolchisining barmoqlari GVVV o‘yinchisining yuziga yaqin kelganidan so‘ng, u yana yerga yiqilgan.
Uchrashuv sharhlovchisi futbolchini o‘zini urilgandek ko‘rsatishda ayblagan, hakam esa vaziyatga aralashmagan.
Futbolchilar tunnelga yo‘l olganidan keyin u yerda janjal boshlangan. GVVV yordamchi murabbiyi Jon van Byokering IJsselmeervogels himoyachisi Kermo Dumayga zarba berganlikda gumon qilinmoqda.
Xabar qilinishicha, zarba oqibatida 25 yoshli Dumay yerga yiqilgan va yetti tishi singan. Tartibni tiklash uchun politsiya aralashgan. Futbolchi shifoxonaga olib borilib, unga beshta chok qo‘yilgan. Bu haqda “Need To Know” xabar berdi.
IJsselmeervogels bosh murabbiyi Villem Lyoysxeys zarbani «ko‘chadagi janjal»ga o‘xshatib, voqea juda qo‘rqinchli bo‘lganini aytdi.
Voqeadan so‘ng GVVV klubi Jon van Byokering va uning akasi, jamoa bosh murabbiyi Dennis van Byokering bilan shartnomani bekor qilgan.
Jon van Byokering esa mahalliy OAVga janjal vaqtida 20–30 nafar kishi bir-birini itarishganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ziga ham ikki-uch marta zarba berilgan va kim urganini ko‘rmagan.
«Sizda ikki tanlov qoladi: ketish yoki o‘zingizni himoya qilish. Shuningdek, men ham zarba berdim», — dedi u.
Van Byokering Dumayga zarba berganini aniq bilmasligini, ehtimol uning og‘ziga tekkan bo‘lishi mumkinligini aytdi. U buni videotasvirlar orqali aniqlashga umid qilgan.
Dumay esa voqeani «aqlga sig‘maydigan holat» deb atab, politsiyaga ariza berishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, tishlarini to‘liq tiklash bir yilgacha vaqt olishi mumkin.
GVVV klubi raisi Xans Sxinkel esa voqeani oddiy janjal deb hisoblamasligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu og‘irlashtirilgan tan jarohati yetkazish holati bo‘lib, klub bunday zo‘ravonlik bilan bog‘lanishni istamaydi.
GVVV Niderlandiyadagi havaskor futbolning eng yuqori milliy darajasi hisoblangan Tweede Divisie musobaqasida ishtirok etadi.
Janjal sabab uchrashuv yakunlanmay qolgan. Endi Niderlandiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi (KNVB) bahsni keyinroq davom ettirish yoki boshqa qaror qabul qilish masalasini hal qiladi.






























Izohlar 0
…