Avstraliyada angus zotli buqa rekord narxga sotildi

Avstraliyada angus zotli Wyatt W50 laqabli buqa 420 ming Avstraliya dollariga, ya’ni taxminan 300 ming AQSH dollariga sotildi. Bu natija mamlakatdagi buqa savdolari bo‘yicha rekord sifatida qayd etildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
19 oylik buqa Yangi Janubiy Uels shtatidagi Millah Murrah naslchilik xo‘jaligida yetishtirilgan. Savdo vaqtida uning vazni 834 kilogrammni tashkil qilgan.
Wyatt W50 xaridorlarni, avvalo, yuqori nasliy ko‘rsatkichlari bilan qiziqtirgan. Uning EBV ko‘rsatkichlari naslning muhim xususiyatlari, jumladan, tez vazn olish salohiyati va go‘sht sifatiga oid yuqori natijalarni ko‘rsatgan.
Buqa Gundungarra Angus va JS Grazing kompaniyasi tomonidan sotib olingan. Xaridorlar undan naslchilik maqsadida, jumladan, urug‘lik materialini sotish orqali foydalanishni rejalashtirmoqda.
Avstraliyadagi avvalgi chorva savdosi rekordlaridan biri 400 ming Avstraliya dollarini tashkil etgan bo‘lib, bu narx Wagyu zotli urg‘ochi qoramol uchun to‘langan. Wyatt W50 ushbu natijani 20 ming Avstraliya dollariga oshirdi.
Dunyodagi eng qimmat sotilgan angus buqalardan biri esa SAV America 8018 hisoblanadi. U 2019 yil fevral oyida AQSHdagi kim oshdi savdosida 1,51 million dollarga sotilgan. Buqa 205 kunligida 500 kilogramm vaznga yetgani bilan ham e’tiborni tortgan.






























Izohlar 0
…