10:13 / 26.12.2024
77

Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol etkazib berishni tezlashtirishni buyurdi

Байден Пентагонга Украинага қурол eтказиб беришни тезлаштиришни буюрди
Foto: Jim Lo Scalzo / EPA / TASS
AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden Rossiyaning rojdestvo kechasi Ukrainaning energetika infratuzilmasiga hujumini «gʻazablanarli» deb atadi va Pentagonga Kievga qurol etkazib berishni faol davom ettirishni buyurdi.

25 dekabr, chorshanba kuni Oq uy veb-saytida e'lon qilingan bayonotda Bayden shunday dedi: «Soʻnggi oylarda Qoʻshma Shtatlar Ukrainaga havo hujumidan mudofaa uchun yuzlab raketalarni etkazib berdi. Mudofaa vazirligi Ukrainani faol ravishda qurol bilan ta'minlashda davom etadi va Qoʻshma Shtatlar Rossiya kuchlariga qarshi mudofaa sohasida Ukraina pozitsiyasini mustahkamlash uchun tinimsiz harakat qiladi».

Amerika prezidentining ta'kidlashicha, Rossiyaning keng koʻlamli hujumidan maqsad «Ukraina xalqini qishda issiqlik va elektr energiyasidan mahrum qilish va mamlakat energetika tizimi xavfsizligiga xavf solish». «Ukraina xalqi tinchlik va xavfsizlikda yashashga loyiqdir, Qoʻshma Shtatlar va xalqaro hamjamiyat Ukraina Rossiya tajovuzini magʻlub etmaguncha uni qoʻllab-quvvatlashda davom etishi kerak», dedi prezidentlik muddati 20 yanvarda tugaydigan 82 yoshli Jo Bayden.

Tramp: Ukrainadagi urushga echim topishda oʻzgarishlar bor

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni hal qilishda «ozgina olgʻa siljish» haqida gapirdi, biroq tafsilotlarni keltirmadi. Bu haqda u 16 dekabr kuni saylovda gʻalaba qozonganidan keyingi ilk matbuot anjumanida aytib oʻtdi.

Trampning soʻzlariga koʻra, Kiev Moskva bilan tinchlikka erishmoqchi va u bu borada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bogʻlanmoqchi. U Volodimir Zelenskiyni urush oxirida «shartnoma tuzishga» tayyorlanishga chaqirdi. Shu bilan birga, uning soʻzlariga koʻra, Ukraina prezidentini Donald Tramp 2025 yil yanvarida oʻtkaziladigan inauguratsiya marosimiga taklif qilmagan.

Bundan tashqari, AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden ma'muriyatining Ukrainaga Rossiya hududiga Amerika qurollari bilan zarba yoʻllashga ruxsat bergan qarorini notoʻgʻri va ahmoqlik deb atadi va buni qayta koʻrib chiqishi mumkinligini aytdi.

Kiev Moskva bilan tinchlik oʻrnatish uchun oʻz hududlarining bir qismini qurbon qilishi kerakmi, degan savolga Tramp bilmasligini aytdi. «Koʻp erlarda birorta ham bino yoʻq, odamlarning qaytib keladigan joyi yoʻq», — deya qoʻshimcha qildi u.

«Bu yomon. Hech kim koʻrmagan sonda odamlar oʻldirilmoqda. Bilasizmi, u erda juda tekis dalalar bor. Va oʻqni toʻxtatadigan yagona narsa — tana, inson tanasi. Oʻldirilgan askarlar soni har ikki tomondan ham astronomikdir, men hech qachon bunaqasini koʻrmaganman», — dedi Donald Tramp Ukrainada davom etayotgan jangovar harakatlar haqida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo