19:05 / 27.12.2024
1

Ozarboyjon prezidenti ma'muriyati Chechenistonning qurbonlarning oilalariga yordamini rad etdi

Ozarboyjon prezidenti ma'muriyati Chechenistonning qurbonlarning oilalariga yordamini rad etdi
Foto: Reuters
Ozarboyjon prezidenti ma'muriyati Azerbaijan Airlines samolyoti halokatida nobud boʻlganlarning oilalari Checheniston hukumatidan hech qanday yordamga muhtoj emasligini ma'lum qildi. Bu haqda ma'muriyatdagi manbaga tayanib Day.az yozdi.

26 dekabr kuni Checheniston hukumati raisi Hasan Hakimov respublika rahbari Ramzon Qodirov nomidan halok boʻlganlar va jarohatlanganlarning oilasiga moliyaviy va «zarur boʻlgan har qanday boshqa yordam» koʻrsatilishini aytgan edi.

«Ozarboyjon hech qanday yordamga muhtoj emas. Bunday yordamni davlat ham, fuqarolar ham qabul qilmaydi. Fuqarolarimizga zarur yordamni oʻzimiz koʻrsatmoqdamiz va koʻrsatamiz. Ozarboyjon faktni tan olishni, uzr soʻrashni va tegishli tovon toʻlashni talab qiladi», dedi Ozarboyjon prezidenti ma'muriyatidagi manba.

«RIA Novosti» xabariga koʻra, Ozarboyjon Bosh prokuraturasi xodimlari Grozniy shahrida boʻlib, rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda aviahalokat boʻyicha surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Yana bir guruh xodim Qozogʻistonning Oqtov shahriga yuborilgan va halokat joyida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.

25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a'zosi boʻlgan. Halokatda 38 kishi nobud boʻldi.

Euronews va Reuters agentliklarining Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayangan holda xabar berishicha, halokatga Rossiya raketasi sabab boʻlgan. Ozarboyjon tomonining fikricha, raketa Grozniy ustida «dronlarning havodagi faolligi» paytida samolyotga qarata uchirilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, fyuzelajga zarar etkazgan.

Rossiya rasmiylari bu ma'lumotni tasdiqlamadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 27 dekabr kuni Kreml Bokuning Rossiya samolyot halokati uchun uzr soʻrashi kerakligi haqidagi bayonotlaridan xabardorligini, biroq halokat sabablarini tekshirish yakunlanmaguncha «baholash huquqiga ega emasligini» aytdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarboyjon prezidenti ma'muriyati Chechenistonning qurbonlarning oilalariga yordamini rad etdi