616 mln so‘mlik mukofot: “Yil o‘qituvchisi” g‘oliblari aniqlandi

O‘zbekistonda pedagoglar o‘rtasida yilning eng katta bellashuvlaridan biri bo‘lgan, Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tanlovning 208 ta tuman va shahrida birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biriga 616 mln so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi. Bu summa bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng.
Vazirlik xabarida mazkur tanlov joriy yilda ilk bor o‘tkazilgani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, ushbu bellashuv ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning munosib e’tirofi hamda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning muhim ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, tanlov nafaqat o‘qituvchilarni moddiy jihatdan rag‘batlantirish, balki ularning kasbiy mahoratini yanada oshirish va ta’lim sifatini yuksaltirishga ham xizmat qilishi qayd etilgan.
G‘olib pedagoglar ro‘yxati bilan maxsus havola orqali tanishish mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilgi tanlovda mamlakat bo‘ylab 46 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etgan. Ularning 208 nafari tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.






























Izohlar 0
…