Qozogʻiston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev – hali tiriklik vaqtidayoq sharafiga haykal qoʻyilib, tiriklik vaqtidayoq haykali yiqitilgan unikal siyosatchi. Lekin bu hali hammasi emas ekan. Qozoqlar uch yil avvalgi namoyishlarda “chol ket”, deb baqirib, mamlakat siyosiy hayotidan chiqishini talab qilgan elboshining boshida yana boshqa sinovlar ham bor ekan.
Masalan, tunov kuni Qozogʻistonning «Ona tili» gazetasiga intervyu bergan Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev sobiq prezident Nazarboyevni ochiqchasiga tanqid qildi. Aftidan, Toʻqayev prezident boʻlgach, oʻziga boʻlgan ishonchi ancha oshgan. Axir 6 yil avval xuddi shu Toʻqayev Nazarboyevga paxta qoʻyib, poytaxt Ostona nomini Nursulton deb oʻzgartirgandi. Endi esa qozoqlarning «Xalq soʻzi»ga oʻxshagan gazetasiga intervyu berib, Nazarboyevni siyosiy andishasizlikda aybladi. Videoda oʻsha intervyuning ba'zi joylariga toʻxtalamiz.
«Siyosiy andishasi bilan ajralib turmagan»
Qozogʻistonda prezident almashgan vaqtni eslasangiz kerak. 2019 yilda Nazarboyev kutilmaganda prezidentlikdan ketishini e'lon qiladi. Bir mamlakatni 28 yildan buyon boshqarayotgan odamning ketishini kutilmaganda deyish aslida juda gʻalati. Mayli, bu haqida alohida gaplasharmiz. Xullas, oʻshanda senat raisi boʻlgan Toʻqayev avtomatik tarzda prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga kirishadi. Keyinroq oʻtkazilgan saylovda tabiiyki gʻalaba qozonadi, chunki unda prezident sifatida kampaniya oʻtkazish uchun yaxshigina media ustunlik bor edi. Axir prezidentlik poygasi futbol kabi teng sharoitdagi oʻyin emas, unda autsayderlar burchak zarbasidan kutilmaganda gol urib, favoritlarni yutib ketolmaydi.
Xullas, Toʻqayev endi prezidentlikka kirishgan oʻsha damlarda Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi boʻlib qolgandi. Bu esa Nazarboyev hamon amalda Qozogʻistonni boshqaryapti degan xulosaga kelishga undardi. Mamlakatda boʻlayotgan ishlar ham shunga ishora qilardi. Mana endi, 5 yil oʻtib ma'lum boʻlyaptiki, Nazarboyevning oʻshandagi qiliqlari Toʻqayevning nafsoniyatiga tekkan ekan. Toʻqayev bu borada gapirganda sobiq prezidentni ochiq tanqid qildi.
«Tarixni toza qogʻozga qaytadan yozish yaramaydi. Tarixga ham, uni yaratganlarga ham haqqoniy munosabatda boʻlish kerak. Bu millat kelajagi uchun muhim. Nursulton Nazarboyev iste'foga chiqqanidan keyin Xavfsizlik kengashi raisi sifatida qolib ochigʻini aytganda, siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi. Bosh vazir, Milliy bank raisi, vazirlar, hokimlar ishtirokida muntazam yigʻilishlar oʻtkazdi. Hatto xorijlik diplomatlar buni hayrat bilan kuzatishdi. Odamlar orasida iste'fodan keyin Nazarboyevning lavozimi oshib, prezidentni ham oʻziga boʻysundirdi, degan hazil paydo boʻldi. Oʻshandagi vaziyat esa hazillashadigan darajada emasdi», deb eslaydi Toʻqayev.
Qozogʻiston prezidentiga koʻra, Nazarboyevning bu qiliqlari sabab mamlakatda qoʻshhokimlik yuzaga kelgani haqida gaplar koʻpaygan, hatto yuqori doiralarda ham shunday oʻylay boshlashgan.
«Mansabdorlar sinfi goh u, goh bu kabinetga kirib, topshiriqlarni chalkashtirib, sarosimaga tushib qoldi. Qator amaldorlar, hatto elboshi prezident hokimiyatidan yuqori turish kerak deb bu holatni oqlashga urindi», deydi Toʻqayev. Uning soʻzlariga koʻra Nazarboyev 2021 yil Oq oʻrdaga qaytishga ishora qilgani va Peterburgdagi MDH sammitida Qozogʻiston nomidan qatnashgani hokimiyat inqiroziga olib kelgan muhim burilish boʻlgan.
Toʻqayevga Nazarboyev hamon Putin bilan uchrashib yurgani ham yoqmaydigan koʻrinadi, chunki bu ishni ochiq qoralamagan boʻlsa ham, qoʻshni davlat prezidenti ushbu mavzuni xushlamay gapirgan, shuningdek, Putin bilan uchrashuvlar tashabbuskori Nazarboyev ekanini alohida ta'kidlagan.
«Nazarboyev oʻtgan yilda Vladimir Putin bilan ikki marta uchrashdi. Kuz boshlaridagi birinchi uchrashuvi haqida OAVda xabar berilmadi ham. Ular aftidan eski doʻst va hamkasb sifatida uchrashadi, birga eslaydigan narsalari bor. Bunday uchrashuvlar tashabbuskori Nursulton Abishevich boʻlib, bu u uchun juda muhim. Qozogʻiston SSR ministrlar soveti sobiq raisi, partiya rahbari, keyinchalik mustaqil Qozogʻiston prezidenti sifatida u ma'naviy va siyosiy jihatdan Kreml bilan chambarchas bogʻliq ekanini unutmaslik kerak. Axir Moskvaga xizmat safarlarida, s'ezdlar va plenumlarda, ishchi va rasmiy tashriflarda koʻp vaqt oʻtkazgan», dedi Toʻqayev.
Ma'lumot uchun, Qosim-Joʻmart Toʻqayev mustaqil Qozogʻistonning ikkinchi prezidenti hisoblanadi. U 2019 yil muddatidan oldin oʻtkazilgan prezidentlik saylovlarida gʻolib boʻlgan. 2022 yil esa yangilangan konstitutsiyaga koʻra qayta saylandi. Qoʻshni davlat bosh qonuni yangi tahririga koʻra, prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilgacha oshirildi, qayta saylanish esa taqiqlandi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
2025 yil barcha muchal vakillariga nimalarni bashorat qilmoqda?
Jo Bayden Isroilga 8 milliard dollarlik qurol sotish niyatida ekani aytilmoqda
Oʻzbekistonliklar eng koʻp qaysi mamlakat choyini ichishadi?
Kiyevda BMT rossiyaliklar qiynoqqa solingani haqidagi soʻzlar uchun tanqid qilindi
Qishda terini qanday parvarish qilish kerak?
Xitoyning birinchi uchuvchi elektrokari namoyish etildi
Makron: “AQSh Rossiyani Ukraina boʻyicha muzokaralar oʻtkazishga koʻndirishi kerak”
Kelgusi hafta boshida kutilayotgan ob-havo ma'lum qilindi