6,7 magnitudali zilzila Indoneziyada vayronagarchilik keltirib chiqardi

Indoneziyada 16 iyun kuni 6,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Asosiy yer silkinishidan keyin ketma-ket bir nechta kuchli takroriy zilzilalar ham kuzatildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Yerosti tebranishlari Markaziy Sulavesi provinsiyasining ma’muriy markazi hisoblangan Palu shahrida bir daqiqadan ortiq davom etgan kuchli silkinishlarni keltirib chiqardi. Mazkur shaharda qariyb 400 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida ayrim hududlarda vayronagarchiliklar yuz bergan. Bir qator binolarda yoriqlar paydo bo‘lgan, Sigi okrugi ma’muriy binosining tom qismi qulab tushgan. Shuningdek, mahalliy universitet binolaridan biri ham shikastlangan.
Xavfsizlik choralari doirasida shifoxonalardagi bemorlar, jumladan tomchilatib dori qabul qilayotgan bemorlar ham tashqariga evakuatsiya qilingan.
AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilaning epitsentri Palu shahridan 46 kilometr sharqiy-janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, o‘chog‘i taxminan 10 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Eng kuchli takroriy silkinishlar magnitudasi 5,2, 5,0 va 4,9 ni tashkil qilgan.
Mahalliy hokimiyat aholini rasmiy ko‘rsatmalarga amal qilish hamda ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Mutaxassislar takroriy yer silkinishlari yana bir necha soat davom etishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Ma’lumot uchun, Indoneziya bir nechta yirik seysmik yoriqlar kesishgan hududda joylashgani sababli mamlakatda zilzilalar va vulqon faolligi tez-tez kuzatiladi.





























Izohlar 0
…