Ebola virusi 30 kunda Yevropa va Osiyoga yetishi mumkin

Yaponiyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Afrikada Ebola virusini yuqtirgan shaxslar 30 kun ichida Yevropa va Osiyodagi yirik aeroportlarga yetib borishi mumkin.
Bu haqda Izvestiya gazetasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadqiqot Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandadan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan aviaqatnovlar tahliliga asoslangan. Olimlar ehtimoliy yo‘nalishlar orqali virus tashuvchilar xalqaro transport markazlariga kirib borishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, eng yuqori xavf Belgiya (92%), Fransiya (91%), Birlashgan Arab Amirliklari (88%) va Turkiya (86%) davlatlariga to‘g‘ri keladi.
Tadqiqot doirasida 11 264 ta aeroport, 569 741 ta aviayo‘nalishlar va 330 million yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlar tahlil qilingan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday modellar virus tarqalishini oldindan baholashda muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, olimlar virus tashuvchining mamlakatga kirib kelishi uning ommaviy tarqalishini anglatmasligini ham qayd etmoqda.
Mutaxassislar fikricha, agar asosiy omillar o‘zgarmasa, ushbu prognozlar kelgusi davr uchun ham dolzarb bo‘lib qoladi.





























Izohlar 0
…