17:00 / 06.01.2025
60

Ukrainaning Kursk oblastidagi «katta yurishi». Bu haqda nimalar ma'lum?

Ukrainaning Kursk oblastidagi «katta yurishi». Bu haqda nimalar ma'lum?
Maksym Kishka/Global Images Ukraine
5 yanvar tongida rossiyalik harbiy muxbirlar ukrain armiyasining Kursk oblastidagi «katta yurishi» haqida xabar tarqata boshladi.

Z-blogerlar nimalar yozishgan?

Z-bloger Roman Alyoxin Ukraina qurolli kuchlari Sudjadan shimolda, oblast markaziga olib boruvchi trassa boʻyida, Kursk AESdan 35 km masofada joylashgan Bolshoye Soldatskoye posyolkasi tomon harakatlana boshlaganini xabar qilgan.

«Raqibning yurishida minalardan tozalash trallari, tanklar va boshqa zirhli texnikalar ishga solingan. Raqib hujum qilayotgan hudud radioelektron kurash vositalari bilan tigʻiz qamralgan, shu tufayli dronlarning koʻpchiligi foydasiz. Raqib boshqa yoʻnalishlarda ham yorib oʻtishga harakat qilishi mumkin», — deya yozgan harbiy muxbir.

Keyinroq u allaqachon Bolshoye Soldatskoye yaqinidagi Berdin qishlogʻi uchun janglar boshlanganini xabar qildi. Rossiyalik ayrim blogerlar ma'lumotiga koʻra, ukrain armiyasi ushbu aholi yashash manzilini nazoratiga olgan va oldinga yurishda davom etgan. Buni inkor etuvchilar ham bor.

Rossiyalik Z-blogerlarga koʻra, fotoda Ukraina qurolli kuchlarining 5 yanvar tongida Kursk oblastidagi Bolshoye Soldatskoye posyolkasi tomon harakatlanayotgan zirhli texnikalari kolonnasi aks etgan
Ukraina qurolli kuchlari Sudja tomondan Bolshoye Soldatskoye yoʻnalishida hujumga oʻtgani haqida WarGonzo telegram-kanali muallifi Semyon Pegov ham xabar qilgan.

Bu ma'lumotni «Komsomolskaya pravda» gazetasi muxbiri Aleksandr Kos ham tasdiqlagan. U ukrain harbiylari «Bolshoye Soldatskoye va Sudja hududida chindan ham faol qadamlar tashlayotgani»ni qayd etgan: «Gʻarbiy qanotda Novoivanovkaga va sharqda Bardin tomonga ham bosim qilinmoqda».

Shu bilan birga, Kos ukrain harbiylarining asosiy zarbasi «qaysidir boshqa joyda boʻlishi mumkinligi»ni istisno etmagan.

«Men Sumi oblastining Shostkinsk rayonidan bizning Rilsk va Xomutov rayonlarimizga zarba berilishiga tayyorlangan boʻlardim. Yoki u erdan Bryansk oblasti tomonga», — deya prognoz qiladi u.

Z-bloger Yuriy Podolyak ham uning fikriga qoʻshiladi. Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yangi hujumi «e'tiborni boshqa uchastkadan chalgʻitishga qaratilgan amaliyot boʻlishi mumkin». «Hozircha Ukraina qurolli kuchlari tomonidan asosiy kuchla jangga kirgani yoʻq», — deydi u.

Ukraina qoʻmondonligi bir necha oydan buyon RF qurolli kuchlarining Zaporijjya oblastidagi mudofaasini yorib oʻtish rejasini pishitmoqda va zaif nuqtalarni paypaslab koʻrmoqda, deya qoʻshimcha qilgan Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Rybar telegram-kanali.

«Operatsiya Z: voyenkori russkoy vesni» telegram-kanali ukrainlar tunda Berdin atrofini minalardan tozalagani va keyin oʻqotar qurollar vositasida janglar boshlanganini yozgan. Rossiya jangovar aviatsiyani qoʻllamoqda.

Harbiy mavzuga ixtisoslashgan yana bir bloger Alex Parker hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlari yurishining nishoni Kurchatov shahri atrofidagi Kursk AES hisoblanadi.

«Maqsad — Sudjadan Kurchatovgacha yurib kelish va AESni egallash. Ular taniqli insayderlar ogohlantirganidek, Bolshoye Soldatskoye orqali yurish qilishni rejalashtirgan», — deya yozgan u.

«Voyenniy osvedomitel» telegram-kanalii ukrain armiyasi nafaqat Bolshoye Soldatskoye yoʻnalishida, balki Sudjadan shimoli-sharqdagi Pushkarnoye qishlogʻi tomon ham yurish qilayotganini ma'lum qilgan.

Rossiyalik harbiylar nima demoqda?

Rossiya mudofaa vazirligi amalda Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishini tasdiqladi.

5 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 9:00 atrofida «Rossiya qoʻshinlarining Kursk yoʻnalishidagi yurishini toʻxtatish maqsadida» ukrainalik harbiylar «Berdin xutori yoʻnalishida shturmchi guruh yuborish orqali qarshi hujumini amalga oshirdi...», deyilgan Rossiya harbiy idorasi bayonotida.

Qayd etilishicha, ukrain armiyasi Berdin xutori yoʻnalishidagi bu «qarshi hujum»da goʻyoki ikki tank, 12 ta jangovar zirhlangan mashinalar va toʻsiqlarni olib tashlash texnikalaridan foydalangan.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlarining shturmchi guruhi magʻlub etilganini ma'lum qilgan.

«„Sever“ qoʻshinlar guruhi artilleriyasi va aviatsiyasi Ukraina qurolli kuchlarining shturmchi guruhini tor-mor keltirdi. Ikkita tank, toʻsiqlardan tozalash mashinasi va ettita jangovar zirhlangan mashina yoʻq qilindi. Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yoʻq qilish boʻyicha amaliyot davom ettirilmoqda», — deyilgan RF mudofaa vazirligi bayonotida.

Rossiya harbiy idorasi yakshanba kuni davomida Kursk oblastida ukrainlarning uchta uchuvchisiz uchar qurilmasi urib tushirilganini ma'lum qilgan. Shuningdek, hududiy operativ shtabga koʻra, yakshanba kuni region ustida Ukraina qurolli kuchlarining uchta raketasi yoʻq qilingan.

Kursk AES rahbariyati atom elektr stantsiyasi odatiy rejimda ishlashda davom etayotganini ma'lum qilgan.

Ukrain harbiylari nimalar demoqda?

Kursk oblasti Sudja shahridagi ukrain harbiysi. Rossiyaliklar qarshi hujumdan keyingi 4 oy davomida ushbu shaharga 3-4 km masofada yaqinlashib kelgan
Ukraina bosh shtabi oʻz yurish amaliyoti tafsilotlarini ochiqlamayapti. Shu bilan birga, har kunlik hisobotda 5 yanvar kuni aynan Kursk oblastidagi harbiy toʻqnashuvlar soni keskin oshgani aytilgan. 4 yanvar kuni bu hududda 33 ta jangovar toʻqnashuv roʻy berib oʻtgan boʻlsa, yakshanba kuni soat 16:00 holatiga kelib 42 ta toʻqnashuv qayd etilgan, shu bilan birga, bu vaqtda 12 ta nuqtada janglar hali davom etayotgandi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko ukrainlar Kursk oblastida «kutilmaganda» rossiyaliklarga hujum qilganini tasdiqlagan.

«Kurskdagi rossiyaliklar qattiq xavotirga tushgan, chunki ular bir necha yoʻnalishda hujumga uchragan va bu ular uchun kutilmagan hol boʻldi. Mudofaa kuchlari ishlamoqda», — deya yozgan u.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Ermak am Kursk oblastidagi voqealarga munosabat bildirgan.

«Kursk, yaxshi xabarlar, Rossiya oʻzi loyiq boʻlgan narsani olmoqda», — deya yozgan u telegram-kanalida tafsilotlarni keltirmagan holda.

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk amaliyoti

Ukraina armiyasi Kursk oblastidagi yurishini 6 avgust kuni boshlagandi.

Oʻshanda rossiyaliklar mudofaasi yorib oʻtilgan va Sudja shahri hamda atrofdagi oʻnlab aholi yashash manzillari egallab olingandi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari yurishi davomida 700 ga yaqin rossiyalik askar asir olingandi.

Yurish harakatlari sentyabr oyiga qadar davom etdi. Oʻsha vaqtda Ukraina kuchlari Kursk oblastining 1,1 ming km kv hududini nazorat qilayotgandi.

Sentyabr oyi oʻrtalaridan Rossiya ushbu yoʻnalishda qarshi hujumga oʻtdi. Dekabr boshida Kreml bu amaliyotga KXDRdan kelgan 11-12 ming askarni ham jalb etdi.

2025 yil yanvariga kelib rossiyalik harbiylar Shimoliy Koreya kuchlari bilan birgalikda okkupatsiya ostidagi hududning taxminan yarmini qaytarib oldi. Yangi yil boshidagi ma'lumotlarga koʻra, Ukraina nazoratida Sudja shahri atrofida va qoʻshni rayonlarda jami 400 km kv hudud qolgan.

4 yanvar kuni kechqurun prezident Volodimir Zelenskiy ukrain armiyasi Sudja chekkalaridan 3 km masofadagi Maxnovka qishlogʻi atrofida rossiyaliklar va shimoliy koreyaliklardan iborat batalyon tor-mor etilganini ma'lum qildi.

Avvalroq ukrain harbiylari BBC bilan muloqot chogʻida qoʻmondonlikdan Kursk oblastidagi plasdarmni kamida 20 yanvargacha, ya'ni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp lavozimiga kirishguniga qadar ushlab turish haqida buyruq boʻlganini aytishgandi.

Shuningdek, harbiy ekspertlar ushbu sanaga qadar Ukraina qurolli kuchlari yoʻnalishlardan birida yaxshi tayyorgarlikka ega zaxira kuchlar bilan yurish qilishga urinib koʻrishini prognoz qilishgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo