00:08 / 24.01.2025
0

Zelenskiy Ukrainada amerikalik tinchlikparvar kuchlar ham boʻlishi kerakligini aytdi

Zelenskiy Ukrainada amerikalik tinchlikparvar kuchlar ham boʻlishi kerakligini aytdi
Agar urushdan keyin Ukrainada tinchlikparvar kuchlar joylashtiriladigan boʻlsa, ularning tarkibida Amerika qoʻshini ham boʻlishi kerak, degan prezident Volodimir Zelenskiy Bloomberg uchun bergan intervyusida.

«Bunday [tinchlikparvar kontingent] Qoʻshma Shtatlarsiz boʻlmasligi kerak. Hatto yevropalik ayrim doʻstlarimiz buning imkoni bor deyayotgan boʻlsa ham, amalda bunday emas. Hech kim Qoʻshma Shtatlarsiz tavakkalchilik qilmaydi», — deya qayd etgan u.

Zelenskiy Donald Tramp tinchlikka erishishga qodirligiga ishonch bildirgan, ammo bunday tinchlik faqat Vashington Kiyevga uzoq muddatli xavfsizlik kafolati taqdim etgan taqdirdagina mumkin boʻlishi qayd etgan — yoki NATO a'zoligi, yoki mamlakat hududida gʻarbning tinchlikparvar kuchlari mavjud boʻlishi shunday kafolat vazifasini oʻtaydi.

Bir necha kun oldin Davosdagi iqtisodiy forumda chiqish qilganida Zelenskiy tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishi Rossiyaning takrori hujumiga yoʻl qoʻymaslikda muhim rol oʻynashini aytgandi. Oʻshanda u zarur boʻlgan tinchlikparvar kuchlar sonini 200 mingga baholagan.

Bloomberg uchun intervyuda Zelenskiy 200 ming raqami koʻproq majoziy ekani va kontingentning haqiqiy soni Rossiya talab qiladigan ukrain armiyasi miqdoriga bogʻliq boʻlishi kerakligini aytgan. «Agar biz uni [ukrain armiyasini] 200 mingga, 300 yoki 500 mingga qisqartirsak, qisqartirganimiz oʻrniga boshqa qoʻshinlar kerakligini anglatadi», — degan Ukraina prezidenti.

Ukrainaga tinchlikparvar kontingent joylashtirish gʻoyasi soʻnggi oylarda Gʻarbda keng muhokama qilinmoqda — bu gʻoyani birinchi navbatda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ilgari surgan. AQSh prezidenti Donald Tramp ham tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan. Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya hukumatlari Ukrainaga oʻz harbiylarini yuborishga tayyorligini bildirgan.

Kremldagilar Evropa tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga joylashtirish gʻoyasini toʻgʻridan toʻgʻri rad etmagan, ammo Moskvadagilar buni muhokama qilishga hali ertaligini qayd etgan.

Foreign Policy: NATO Ukrainaga xavfsizlik kafolatining ikki variantini taklif qilishi mumkin

NATO davlatlari Rossiya bilan tinchlik kelishuvi doirasida Ukrainaga taklif qilishi mumkin boʻlgan xavfsizlik kafolatlarining ikki turi mavjud, deb yozadi Foreign Policy gʻarblik yuqori martabali mulozimga tayanib.

Nashr suhbatdoshi aytgan birinchi variant NATOning Ukrainaga urushdan keyingi koʻp yillar davomida koʻrsatadigan muhim iqtisodiy va harbiy yordamini oʻz ichiga oladi. Oxir-oqibat, ushbu kafolat doirasida Ukraina qachondir alyansga qoʻshilish uchun ruxsat olishi mumkin boʻladi.

Ikkinchi variant NATO nizomi 5-moddasining qoʻllanishini kengaytirishni nazarda tutadi, unga koʻra alyans Rossiya yana hujum qilgan taqdirda urushga kirish va Ukrainani himoya qilish majburiyatini oladi.

Materialda kollektiv mudofaa haqidagi modda Ukraina hududining aynan qaysi qismiga tatbiq etilishi koʻzda tutilganiga aniqlik kiritilmagan — xalqaro tan olingan chegaralarda yoki tinchlik kelishuvi tuzilgandan keyin mamlakatning Kiyev nazoratida qoladigan hududlariga.

Foreign Policy suhbatdoshi ikkinchi variantni Rossiya ham, NATOning oʻzi ham ma'qullashi dargumonligini qoʻshimcha qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo