Foto: AFP
AQShning Karnegi-Mellon universiteti olimlar guruhi Power-Over-Skin nomli innovatsion texnologiyani ishlab chiqdi. Ushbu texnologiya elektr energiyasini inson tanasidan oʻtkazish imkonini beradi. Kelajakda taqiladigan qurilmalarda batareyalarga ehtiyoj qolmasligi mumkin.
Fitnes-trekerlar, aqlli soatlar va turli xil tibbiy qurilmalar muntazam zaryadlashni talab etadi. Power-Over-Skin ushbu muammoni tanani elektr toki oʻtkazuvchisiga aylantirish orqali hal qiladi. Ishlanma taqiladigan elektronika sohasida inqilobiy oʻzgarish yasashi, bunday gadjetlarni yanada ixcham, yengil va sezilmas qilishi mumkin.
Tadqiqotlar koʻrsatishicha, inson tanasi radiochastotalarni samarali oʻtkazish qobiliyatiga ega. Tajribalar davomida olimlar batareya bilan ishlaydigan uzatkichdan foydalanib, energiyani kichik qurilmalarga, masalan, uzukdagi Bluetooth-joystikka yoki yoritkichli sirgʻaga uzatdi.
“Xuddi radio havo orqali signallarni uzatganidek, tanadan ham oʻtkazgich sifatida foydalanamiz”, — dedi olimlardan biri Endi Kong.
Tana orqali energiya oʻtkazadigan kvadrat toʻlqinlar an'anaviy sinusoidal toʻlqinlarga qaraganda samaraliroq boʻlib chiqqan. Bu kashfiyot tasodifan qilingan boʻlsa-da, keyingi ilmiy izlanishlarga kuchli turtki berdi.
Ushbu texnologiya qurilmalarni katta hajmdagi batareyalarga qaramlikdan xalos etishi mumkin. Masalan, qon tarkibidagi qand miqdorini oʻlchovchi asboblar, yurak ritmi boshqaruvchilari va boshqa tibbiy qurilmalar juda kichik oʻlchamlarda yasalib, mustaqil ishlash imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin. Bu esa gadjetlarni taqinchoqlarga qadash imkonini beradi: foydalanuvchilarga deyarli sezilmaydigan sirgʻalar yoki bilaguzuklar kabi.
Hozirda Power-Over-Skin texnologiyasi bilan faqat kam energiya iste'mol qiladigan qurilmalar, masalan, yorugʻlik diodlarini ishlatish mumkin. Biroq olimlar guruhi bu texnologiyaning quvvatini 10 barobarga oshirishni rejalashtirmoqda. Natijada simsiz quloqchinlar kabi murakkabroq qurilmalarni ham zaryadlash imkoni boʻladi.
Texnologiya hali ishlab chiqish bosqichida boʻlsa-da, uning salohiyati katta. U taqiladigan elektronika qurilmalarini loyihalashga boʻlgan yondashuvni tubdan oʻzgartirishi va millionlab foydalanuvchilarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar