00:53 / 25.01.2025
79

Putin Ukraina mojarosi boʻyicha muzokaralarga tayyor ekanini aytdi

Putin Ukraina mojarosi boʻyicha muzokaralarga tayyor ekanini aytdi
Foto: kremlin.ru
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampning Ukrainadagi urushni tugatish uchun muzokaralar oʻtkazish zarurligi haqidagi bayonotlarini izohlar ekan, agar Tramp 2022 yilda AQSh prezidenti boʻlganida, ehtimol, keng koʻlamli Rossiya-Ukraina urushi boshlanmagan boʻlardi, dedi. Bu haqda u «Rossiya» telekanali muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida aytib oʻtdi, deb xabar berdi Meduza.

«Rossiya hech qachon AQSh ma'muriyati bilan aloqalarni davom ettirishdan bosh tortmagan. Va avvalgi ma'muriyat bu aloqalarni rad etgani bizning aybimiz emas. AQSh amaldagi prezidenti bilan men har doim ishbilarmon, lekin ayni paytda pragmatik, ishonchga asoslangan munosabatlarga ega boʻlganman. Va men uning fikriga qoʻshilaman, agar u prezident boʻlganida, 2020 yilda uning gʻalabasi oʻgʻirlanmaganida, ehtimol, Ukrainada 2022 yilda yuzaga kelgan inqiroz boʻlmas edi», dedi u.

Putinning soʻzlariga koʻra, prezidentlar «bugungi kun voqeligidan kelib chiqib, uchrashib, AQSh va Rossiyani qiziqtirgan barcha sohalar boʻyicha tinchgina gaplashib olsa», yaxshi boʻlardi.

«Biz tayyormiz», dedi Rossiya prezidenti va birinchi navbatda, bunday uchrashuv ehtimoli «Amerikaning amaldagi ma'muriyati qarorlari va tanloviga bogʻliq».

Putin, shuningdek, Rossiya Ukraina boʻyicha muzokaralarga tayyor ekanini aytdi, biroq Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy tomonidan Rossiya prezidenti bilan bunday muzokaralar oʻtkazish taqiqlangani sababli Ukraina rasmiylari ularni noqonuniy deb hisoblashi mumkinligini tan oldi.

«Kiyevdagi rejimning amaldagi rahbari, hali qonuniy boʻlganida, muzokaralarni taqiqlovchi farmon chiqargan. Agar muzokaralar taqiqlangan boʻlsa, endi qanday qilib muzokaralarni davom ettirish mumkin? <…> Agar muzokaralar amaldagi me'yoriy-huquqiy baza doirasida boshlansa, ular, qat'iy aytganda, noqonuniy boʻladi, demak, bu muzokaralar natijalari ham noqonuniy deb e'lon qilinishi kerak», dedi Putin.

23 yanvar kuni Davos iqtisodiy forumida (WEF) soʻzlagan Tramp Ukrainadagi urushni tugatish uchun yaqin orada Vladimir Putin bilan uchrashishni xohlashini aytdi. «Men bu urushni tugatish uchun yaqinda prezident Putin bilan uchrashishni juda xohlardim. Va bu iqtisod yoki boshqa narsa nuqtai nazaridan emas. Bu millionlab odam hayotining behuda ketayotgani bilan bogʻliq», dedi Tramp. Shu bilan birga, u Saudiya Arabistoni va OPEC davlatlaridan neft narxini pasaytirishni soʻrashini ta'kidladi, bu uning fikricha, Rossiya-Ukraina urushini «zudlik bilan» tugatishga olib keladi.

Bir kun oldin u Ukraina bilan yaqin orada tinchlik kelishuviga erishilmasa, Rossiyaning boshqa mamlakatlarga sotadigan barcha mahsulotlariga yuqori soliq, boj va sanktsiyalar joriy qilishini aytgan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo