Koinot kengayishi sekinlashyaptimi: kosmologiyadagi yangi bahs

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Yonsey universiteti astrofiziklari o'zlarining Ia turidagi o'ta yangi yulduzlarni tahlil qilishdagi metodologik xatolar mavjudligini ta'kidlagan tanqidiy maqolalarga javob berib, Koinotning kengayishi sekinlashayotgan bo'lishi mumkinligini ilgari surdilar.
- Ularning fikricha, bu kashfiyot qorong'u energiya o'zgarmas emas, balki vaqt o'tishi bilan o'zgarib boruvchi evolyutsiyaga ega ekanligini ko'rsatadi, bu esa Lambda-CDM standart kosmologik modeliga putur yetkazadi.
Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti astrofiziklari Monthly Notices of the Royal Astronomical Society jurnalida eʼlon qilgan yangi tadqiqoti bilan zamonaviy kosmologiyaning eng keskin ilmiy bahslaridan birini yana-da qizdirdi. Olimlarning taʼkidlashicha, ularning oʻtgan yili eʼlon qilingan shov-shuvli gipotezasiga qarshi yozilgan tanqidiy maqolalarda jiddiy metodologik xatolar mavjud boʻlib, bu Koinotning kengayishi borasidagi tasavvurlarga oʻzgartirish kiritishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yilning oxirida Janubiy Koreya jamoasi masofalarni oʻlchash uchun standart shamlari hisoblangan Ia turidagi oʻta yangi yulduzlarni tahlil qilib chiqdi. Oʻshanda olimlar yulduzlar yoshiga doir tuzatishlar kiritilgandan keyin Koinotning kengayishi tezlashuvdan sekinlashuvga oʻtgan boʻlishi mumkinligini maʼlum qilgandi. Agar bu tasdiqlansa, Koinot tezlashishiga sabab boʻladi deb hisoblanadigan qorongʻu energiya oʻzgarmas emas, balki vaqt oʻtişi bilan oʻzgarib boruvchi evolyutsiyaga ega chiqadi, bu esa Lambda-CDM standart kosmologik modelining asosiy qoidalariga putur yetkazadi.
Tanqidga javob va metodologik tortishuvlar
Joriy yilning iyun oyida Sautgempton universitetining xalqaro tadqiqotchilar guruhi oʻz javob maqolasini eʼlon qilib, oʻta yangi yulduzlar yoshi va ularning yorugʻligi oʻrtasidagi bogʻliqlik juda zaif ekanini bildirgandi. Ularning fikricha, koreyalik olimlar taklif qilgan tuzatish Koinotning tezlashib kengayish modelini inkor etish uchun juda kichikdir. Biroq Yonsey universiteti guruhi ushbu tanqidga qarshi ilmiy javob qaytarib, opponentlarning oʻzida ham xatolar borligini koʻrsatib berdi.Asosiy eʼtiroz shundan iboratki, tanqidchilar oʻz ishida juda keng qizil siljish diapazonidan (0,04 < z < 0,42) olingan oʻta yangi yulduzlarni birlashtirib oʻrgangan. Bunday oraliqda asosiy galaktikalarning oʻrtacha yoshi taxminan 3 milliard yilga oʻzgarib ketadi. Tadqiqot rahbari doktor Chul Chxungning taʼkidlashicha, opponentlar koʻrsatib oʻtgan yosh siljishining qiyaligi aynan shu metodologik muammo natijasidir, tegishli qizil siljish oraligʻi cheklanganda esa yoshga bogʻliqlik yana kuchayadi.
Kelgusidagi kuzatuvlar va hal qiluvchi sinov
Ikkinchi bahsli masala asosiy galaktikalar yoshini oʻta yangi yulduzlar ota-onasi yoshiga qayta hisoblash bilan bogʻliq. Garchi tanqidchilar bu evolyutsiya unchalik sezilarli emasligini daʼvo qilishsa-da, javob maqolasi mualliflari koʻrsatishicha, ayni shu effekt yorugʻlikning yoshga bogʻliqlik grafigini sezilarli darajada tikroq qiladi. Har ikki omil birgalikda hisobga olinganda, kosmologik hisob-kitoblar uchun yakuniy tuzatish avvalgidek oʻzgarishsiz qoladi.Qolaversa, oʻta yangi yulduzlar boʻyicha tuzatilgan natijalar DESI (Dark Energy Spectroscopic Instrument) vositasi yordamida olingan barion akustik tebranishlarining mustaqil maʼlumotlari bilan mos kelmoqda. Bu esa olimlarning fikricha, qorongʻu energiyaning evolyutsion tabiatiga yana bir bor ishora qiladi.
Mualliflar oʻz ishlari kosmik tezlashuvning toʻxtaganiga mutlaq dalil boʻla olmasligini ochiq tan oladilar. Biroq ushbu tadqiqot Ia turidagi oʻta yangi yulduzlarni talqin qilishdagi tizimli xatolar kosmologiyadagi eng muhim oʻlchovlarga qanchalik taʼsir qilishini yana bir bor muhokama markaziga olib chiqdi. Yaqin oylarda Vera Rubin nomidagi observatoriya ishga tushishi va uning kengroq hamda bir xil oʻta yangi yulduzlar tanlovi bu masalaga toʻliq oydinlik kiritishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…