Tramp Vashingtonda American Airlines yoʻlovchi samolyoti va armiya vertolyoti toʻqnashuvi oqibatida hech kim omon qolmaganini ma'lum qildi. Samolyotda 60 yoʻlovchi va ekipajning toʻrt nafar a'zosi, vertolyotda esa uch nafar harbiy bor edi. AQSh prezidenti kun oxirida Oq uydagi brifingda chiqish qilib, Vashingtonda American Airline samolyoti va Black Hawk vertolyoti halokatidan hech kim omon qolmaganini ma'lum qildi.
U butun tun davomida keng koʻlamli qidiruv-qutqaruv amaliyoti oʻtkazilgani, unga barcha mavjud resurslar jalb etilganini bildirgan. «Bu mamlakatimiz poytaxtida va xalqimiz tarixida dahshatli fojia boʻlgan qorongʻi va ogʻriqli kecha edi. Bizni bevaqt tark etgan har bir kishi uchun qaygʻuramiz», — degan Tramp.
Qutqaruvchilar Potomak daryosida aviahalokat qurboni boʻlgan 40 kishining jasadini hamda bir necha kishining jasad qoldiqlarini aniqladi, ularning ayrimlari sohilga chiqib qolgan, deb xabar bergan CBS telekanali. Telekanal manbasi bu ma'lumotlarni mahalliy vaqt bilan 30 yanvar kuni soat 17:30 da (Toshkent vaqti bilan 31 yanvar kuni soat 03:30) taqdim etgan. Qutqaruvchilar kun botgani tufayli qidiruv ishlarini toʻxtatishgan va keyingi kuni davom ettirishgan. Tergovchilar hisoblashicha, samolyotdan xavfsiz chiqarib olish mumkin boʻlgan jasadlarning barchasi chiqarib olingan, ammo laynerning hozirda etib borish qiyin boʻlgan dum qismida yana bir necha kishining jasad qoldiqlari qolayotgan boʻlishi mumkin. Tergovchilar ayrim jasadlarni olib chiqishning imkoni boʻlmasligidan xavfsiramoqda, deya qoʻshimcha qilgan manba.
Halokatga uchragan samolyotning qora qutilari Potomak daryosidagi parchalar orasidan chiqqan. Samolyotning parametrik va ovoz yozish moslamalari 30 yanvar kuni kechqurun topilgan, deb xabar beradi ABC New manbasi. Qora qutilar oʻrganish uchun AQShdagi aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi Milliy transport xavfsizlik kengashi laboratoriyasiga yuborilgan. Tashkilotning X ijtimoiy tarmogʻidagi akkauntida bortning qayd etish qurilmalari suratlari joylashtirilgan.
Yoʻlovchi samolyotda Rossiyaning kamida uch fuqarosi boʻlgan. Bu haqda RF TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova 31 yanvar kuni jurnalistlar uchun oʻtkazilgan brifingda ma'lum qildi. «Elchixonamiz ma'lumotlariga koʻra, ushbu samolyot halokati qurbonlarining uch nafarida Rossiya pasporti boʻlgan. Yana bir kishi, toʻrtinchi shaxsda ham Rossiya fuqaroligi boʻlgani haqida taxmin bor, bu ma'lumot tekshirilmoqda», — deya Zaxarovaning soʻzlarini keltirgan TASS agentligi.
Avvalroq RF elchixonasi Davlat departamentidan Vashingtondagi aviahalokatda halok boʻlgan rossiyaliklar toʻgʻrisidagi ma'lumot kutayotganini xabar qilgandi. Associated Press ma'lumotiga koʻra, samolyot yoʻlovchilari orasida amerikaliklardan tashqari Xitoy va Filippin fuqarolari ham boʻlgan.
Aviahalokat qurbonlarining 14 nafari figurali uchish boʻyicha sportchilar boʻlishgan, deb xabar bergan Skating Club of Boston sport klubi direktori Dag Zegiba. Uning soʻzlariga koʻra, yoʻlovchilarning olti nafari ushbu klubga aloqador edi — murabbiylar Vadim Naumov va Evgeniya Shishkova, 16 yoshli sportchilar Spenser Leyn va Jinna Han, shuningdek ularning onalari Kristin Leyn va Jin Han.
Vadim Naumov va Evgeniya Shishkova
The Skating Club of Boston / AP / Scanpix / LETA
Avvalroq Rossiya nashrlari ham samolyotda rossiyalik figurachilar — 1994 yil Rossiya terma jamoasi safida figurali uchish boʻyicha juftlik bahslarida jahon chempioni boʻlgan Vadim Naumov va Evgeniya Shishkova boʻlganini yozgandi. Ular 2017 yildan Skating Club of Boston klubida murabbiylik qilishni boshlagan. Dag Zegiba ularni «eng yaxshi murabbiylar» deb atagan. Rossiyadagi Shot telegram-kanali samolyot bortida ularning oʻgʻli, figurali uchish boʻyicha AQSh jamoasi safida musobaqalarda ishtirok etib kelayotgan Maksim ham boʻlganini yozgandi, ammo AP ma'lumotiga koʻra, u oldinroq boshqa samolyot bilan uchgan.
AQSh figurali uchish assotsiatsiyasi oldinroq samolyot bortida bir necha figurachilar, murabbiylar va ularning oila a'zolari boʻlganini xabar qilgandi. «Ushbu sportchilar, murabbiylar va ularning oila a'zolari Kanzas shtatining Uichita shahrida figurali uchish boʻyicha AQSh chempionati bilan birgalikda oʻtkazilgan Milliy rivojlanish lagerida qatnashib uyga qaytayotgan edi», deyiladi federatsiya bayonotida.
Aviahalokat roʻy bergan kuni Vashingtondagi aeroportda dispetcherlar etarli boʻlmagan, deb xabar berdi The New York Times gazetasi AQSh Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasining (FAA) dastlabki hisobotiga tayanib. Hisobotdan ma'lum boʻlishicha, navbatchi dispetcherlar soni «kun vaqti va trafik hajmiga monand darajada boʻlmagan». Shu kuni aeroportdagi navbatchi aviadispetcher odatda ikki kishi shugʻullanadigan ishlarni yolgʻiz oʻzi bajargan.
Aeroport hududidagi vertolyotlar harakatini muvofiqlashtirish uchun ham, uchib kelayotgan va uchib ketayotgan samolyotlar uchun ham bir dispetcher mas'ul boʻlgan, deb yozadi AP ham boshqarma hisobotiga asoslangan holda. Kunduzi bu ish bilan ikki dispetcher mashgʻul boʻlgan, ammo, harakat sekinlashgach, bu ishlarga birgina dispetcher qolgan. Odatda bunday smena soat 21:30 dan boshlangan, ammo shu kuni dispetcherlarning roli ertaroq birlashtirilgan (samolyot va vertolyot toʻqnashuvi soat 20:47 atrofida roʻy bergan).
Bundan tashqari, The New York Times qayd etishicha, American Airlines samolyoti uchuvchilari aviahalokatdan biroz oldinroq qoʻnish yoʻlagini oʻzgartirish va aeroportning asosiy uchish-qoʻnish yoʻlaklaridan biriga emas, balki nisbatan qisqaroq yoʻlagiga qoʻnishni soʻrashgan.
Armiya vertolyoti yoʻlovchi samolyotga urilganining sababi keragidan yuqoriroqda parvoz qilganidir, deb yozadi The New York Times. Vertolyotlarga Reygan aeroporti yaqinida 61 metrdan yuqori boʻlmagan masofada uchishga ruxsat beriladi, ammo toʻqnashuv paytida u 91 metrdan balandroqda boʻlgan. American Airlines bosh direktori Robert Isom vertolyot unga kelib urilganida samolyot odatiy qoʻnishni amalga oshirayotgan boʻlganini aytgan.
Avvalroq aeroport dispetcheri va vertolyot uchuvchisi muloqoti rasshifrovkasi e'lon qilingandi, unga koʻra toʻqnashuv arafasida dispetcher Black Hawk ekipajidan shunday soʻragan: «PAT 2-5, siz CRJ [samolyotini] koʻryapsizmi? CRJ ortidan oʻting». Ammo bunga javob qaytarilmagan, Black Hawk ekipaji buyruqqa rioya etmagan. AQSh armiyasidagilar ma'lum qilishicha, vertolyot uchuvchilari har kuni kechqurun amalga oshiriladigan mashgʻulot parvozida boʻlgan, ekipaj esa tajribali pilotlardan tarkib topgandi.
Aviatsiya sohasi ekspertlari anchadan buyon Vashington ustidagi havo kengligi tigʻiz boʻlgani tufayli aviahalokat roʻy berishi mumkinligidan ogohlantirib kelardi, deb yozadi Associated Press. Agentlik bilan suhbatda boʻlgan ekspertlarning soʻzlariga koʻra, pik vaqtlarda aeroportdagi tirbandlik hatto tajribali uchuvchilar uchun ham muammo tugʻdirgan, ular boshqa yuzlab yoʻlovchi samolyotlar, harbiy aviatsiya hamda muhim ob'ektlar atrofidagi taqiqlangan zonalarni inobatga olishi kerak boʻlgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp aviahalokat uchun Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasida (FAA) yoʻlga qoʻyilgan, ishga yollashdagi xilma-xillik siyosatini aybladi. Tramp 30 yanvar kuni kechqurungi bayonotida shunday degan. The New York Times nashri yozishicha, prezident aviahalokatda oʻzidan oldingi prezidentlar — Jo Bayden va Barak Obamani ham ayblagan, uning fikricha, ular tomonidan targʻib qilingan turli xillik, tenglik va inklyuzivlik siyosati havo kengligida muammolarga olib kelgan. U hech qanday dalil keltirmagan holda aviadispetcherlar uchun standartlar juda yumshoq boʻlganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, Obama davrida FAA goʻyoki xodimlarning «juda oq tanli» ekanligi haqida direktiva chiqargandi.
NYT qayd etishicha, Tramp jurnalistlar uchun brifing chogʻida qisqacha qilib halokatda armiya vertolyoti uchuvchilari aybdor ekanini aytgan, ammo keyin ishga qabul qilishdagi xilma-xillik dasturlar mavzusiga qaytgan. Jurnalistlardan biri undan tergovchilar aviahalokat sabablarini oʻrganishni endigina boshlaganiga qaramay, nima uchun bunday xulosaga kelganini soʻraganida, AQSh prezidenti shunday degan: «Men sogʻlom fikrlayapman, koʻpchilikda esa bunday emas. Biz istardikki, bunday ishlar bilan dohiyona odamlar shugʻullansin. Ayrim ish turlari uchun bizga yuqori malakali mutaxassislar kerak». Uning fikricha, aviadispetcherlar «eng yuqori zehnga ega odamlar» boʻlishi lozim.
Federal hukumat organlariga ishga qabul qilishda «xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik» (DEI, diversity, equity, inclusion) dasturlari mavjud edi. Tramp AQSh prezidenti lavozimiga qaytgan ilk kunidayoq barcha DEI dasturlarini bekor qildi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar