00:28 / 19.02.2025
364

AQSh reklamalar yordamida noqonuniy muhojirlarni ogohlantirmoqda

AQSh reklamalar yordamida noqonuniy muhojirlarni ogohlantirmoqda
Foto: Getty Images
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi (IXV) muhojirlarni Amerika immigratsiya qonunchiligini buzishdan ogohlantirish maqsadida bir necha million dollarlik reklama kampaniyasi boshlanganini e'lon qildi.

IXV saytida koʻrsatilishicha, bir qator video e'lonlar radio, televideniye va raqamli formatda koʻplab mamlakatlar hamda mintaqalarda turli tillarda efirga uzatiladi.

Idora oʻzining YouTube’dagi kanalida ikkita videorolik e'lon qildi: birinchisi AQSh chegarasini allaqachon kesib oʻtib, mamlakatda noqonuniy boʻlib turgan odamlarga qaratilgan boʻlsa, ikkinchisi esa mamlakat tashqarisidagi odamlarni bundan ogohlantiradi.

Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem videomurojaatida prezident Donald Trampga “chegaralar xavfsizligini ta'minlagani, jinoyat sodir etgan noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborgani va Amerikani birinchi oʻringa qoʻygani uchun” minnatdorlik bildirgan.

"Prezident Tramp agar siz bu erda noqonuniy boʻlsangiz, biz sizni topishimiz va deportatsiya qilishimiz haqida ma'lum qilgan. Siz hech qachon AQShga qaytmaysiz", deyiladi IXVning birinchi videosida.

Ikkinchi videoda Noem AQShga noqonuniy kirish imkoniyatini koʻrib chiqayotgan odamlarni ogohlantirib, mamlakatga kelib, Amerika qonunchiligini buzganlarni ta'qib qilishga va'da bergan.

Siyosatchi oʻz murojaatida, shuningdek, “uzoq vaqt davomida chegarani keng ochib qoʻygan zaif siyosatchilarni” ayblab, bu giyohvand moddalar savdosi, jinoyatchilikning oʻsishi va odam savdosi bilan bogʻliq muammolarga sabab boʻlganini aytgan.

"Agar hozir ketsangiz, kelajakda qaytish, erkinligimizdan zavqlanish va Amerika orzusini roʻyobga chiqarish imkoniyatiga ega boʻlishingiz mumkin. Amerika oʻz qonunlarini hurmat qilganlarni olqishlaydi", deyiladi murojaatda.

Reklama kampaniyasi yangi ma'muriyatning migratsiya siyosatini kuchaytirish boʻyicha keng koʻlamli sa'y-harakatlarining bir qismidir. Xususan, yanvar oyi oxirida prezident Donald Tramp Venesueladan kelgan muhojir tomonidan oʻldirilgan 22 yoshli talaba qiz xotirasiga atalgan Leyken Rayli qonunini imzoladi. Qonun IIVdan oʻgʻirlik va zoʻravonlik jinoyatlarida gumon qilingan noqonuniy muhojirlarni, garchi ularga rasman ayblov qoʻyilmagan boʻlsa ham, hibsga olishni talab qiladi.

Shuningdek, avvalroq prezident Guantanamodagi Amerika harbiy bazasida AQShda noqonuniy boʻlib turgan muhojirlarni saqlash uchun markaz ochishni buyurgandi. Markaz 30 minggacha kishini qabul qila oladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo