Mavrikiy qirg‘oqlari yaqinida 18 metr chuqurlikdan Qur’on topildi (video)

Janubiy afrikalik dayver va fotograf Ien Xaggerti Mavrikiy qirg‘oqlari yaqinida, okean sathidan taxminan 18 metr chuqurlikda Qur’on nusxasini topgan. Bu haqda MM News xabar berdi.
Hodisa 2023 yil aprelida sodir bo‘lgan. Xaggerti navbatdagi sho‘ng‘ish vaqtida dengiz tubida ochiq holda yotgan kitobga duch kelgan. U dastlab uni jurnal deb o‘ylagan, biroq keyinchalik kitob Qur’on nusxasi ekanini aniqlagan.
Tarqalgan videoda Qur’onning dengiz tubida ochiq holatda yotgani ko‘rinadi. Ayrim manbalarda ochiq sahifalarda «A’rof» surasining Nuh payg‘ambar va uning qavmi haqidagi oyatlari ko‘ringani qayd etilgan.
Xaggertining o‘zi Qur’onning dengiz tubiga qanday tushib qolgani yoki u yerda qancha vaqt yotganini bilmaganini aytgan. U kitobni topgan holicha qoldirgan. Oradan bir hafta o‘tib, ayni joyga qaytganida esa Qur’on u yerda bo‘lmagan.
Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan. Biroq Qur’onning dengiz tubida qancha vaqt bo‘lgani va u yerga qanday tushib qolgani hozirgacha aniq ma’lum emas.






























Izohlar 0
…