Surxondaryoda chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan talaba 6 yilga qamaldi

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida universitet talabasi to‘rt kunlik o‘g‘lini 1 500 dollarga sotmoqchi bo‘lgani uchun olti yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan S.J. 2025 yil mart oyida Sh. ismli yigit bilan tanishib, homilador bo‘lib qolgan. 2026 yil yanvar oyida tug‘ruq vaqti yaqinlashgach, Termiz tumanidagi tug‘ruqxonaga murojaat qilgan va 11 yanvar kuni o‘g‘il farzandli bo‘lgan.
Shundan so‘ng u tug‘ruqxonada G.J. ismli ayol bilan tanishgan. Ular chaqaloqni 1 500 AQSH dollariga berish bo‘yicha kelishgan. Sudlanuvchi pulni o‘qish kontraktini to‘lash uchun ishlatmoqchi bo‘lganini bildirgan.
2026 yil 15 yanvar kuni S.J. kelishilgan pulni olayotgan va tilxat yozayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan. Xabarlarga ko‘ra, undan 1 400 dollar va 1,2 million so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Sud majlisida S.J. aybiga iqror bo‘lgan. U homiladorligi haqida oila a’zolari xabardor bo‘lmaganini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi S.J.ni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topgan. Sud unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.






























Izohlar 0
…