
Foto: UN News
BMT Bosh assambleyasi 24 fevral kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda Rossiya—Ukraina urushi boʻyicha ikkita rezolyutsiya qabul qildi. Bu haqda BMTning X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, Bosh assambleya dastlab Evropa Ittifoqi mamlakatlari va Ukraina tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qilgan. «Ukrainada keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikni ilgari surish» deb nomlangan hujjat keskinlikni yumshatish, jangovar harakatlarni tezda toʻxtatish va urushni tinch yoʻl bilan hal qilishga chaqiradi.
Unga 93 ta davlat yoqlab ovoz bergan, 18 davlat qarshi chiqqan va 65 davlat betaraf qolgan (jumladan, Oʻzbekiston ham). Rezolyutsiyaga qarshi ovoz berganlar orasida AQSh, Rossiya va Vengriya bor. Shu bilan birga, Xitoy ovoz berishda betaraf qolgan.

Keyinroq Bosh assambleya Qoʻshma Shtatlar tomonidan tayyorlangan «Tinchlik sari yoʻl» rezolyutsiyasi uchun ovoz bergan. Ta'kidlanishicha, AQSh oʻz rezolyutsiyaga Evropa davlatlari tomonidan taklif qilingan tuzatishlarni kiritgan, xususan, «Rossiya Federatsiyasi va Ukraina oʻrtasidagi mojaro» soʻzlari Rossiyaning «keng koʻlamli bosqini» soʻzlari bilan almashtirilgan.
Rezolyutsiya loyihasi uchun 92 ta davlat ovoz bergan, sakkiztasi qarshi chiqqan (jumladan, Rossiya) 73 ta davlat esa ovoz berishdan tiyilgan — ular orasida AQSh ham bor.
BMT Bosh assambleyasi RFning AQSh tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyaga tuzatishini qoʻllab-quvvatlamadi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaga koʻra, RF «Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida»gi hujjatga oʻzgartirishlar kiritgan.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yilda ham Oʻzbekiston BMTning Rossiya agressiyasi qayd etilgan rezolyutsiyasiga ovoz berishda betaraf qolgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar