
Barselonadagi Global Salomatlik Instituti (ISGlobal) olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Arktika muzlarining tez sur’atlarda erishi global iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘lib, ko‘plab mamlakatlar uchun jiddiy ekologik va iqtisodiy xavflar yaratmoqda.
So‘nggi o‘n yillikda Arktikada muzlarning erishi kuchayishi natijasida AQSH janubi-g‘arbida, xususan Kaliforniya shtatida iqlim qurib bormoqda. Bu jarayon ayniqsa qish mavsumida ko‘proq sezilib, suv resurslari tanqisligi va qishloq xo‘jaligi uchun jiddiy xavflar tug‘dirmoqda.
Ispaniya va Portugaliya kabi Yevropa mamlakatlarida esa bu erishi natijasida qish mavsumida yog‘ingarchilik miqdori oshmoqda. Namlik darajasining ortishi natijasida bu mamlakatlarda suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar ehtimoli yuqori bo‘lmoqda.
Arktikaning tez isishi, shuningdek, global ob-havoni tartibga soluvchi kuchli shamol oqimlarining susayishiga olib keldi. Bu esa Shimoliy Amerika va Yevropada keskin ob-havo o‘zgarishlariga, jumladan kuchli sovuqlik yoki anomal issiqlik to‘lqinlariga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, 2021 yilda Texas shtatini muzlatib qo‘ygan sovuqlik to‘lqini va 2017 yilda "Harvi dovuli" paytidagi kuchli suv toshqinlari aynan shu qutb shamollari tizimining zaiflashuvi oqibatida sodir bo‘lgan.
Kanadada ham Arktika muzlarining erishi flora va fauna uchun jiddiy tahdid solmoqda. Ko‘plab hayvon va o‘simlik turlari o‘z yashash muhitini yo‘qotishi oqibatida yo‘qolib ketish xavfi bilan yuzlashmoqda. Bundan tashqari, muzlarning erishi hududdagi dengiz yo‘llarini o‘zgartirib, bu esa iqtisodiy va transport sohasida yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Grenlandiyada muzlarning erishi esa yanada katta global ekologik muammolarga sabab bo‘lmoqda. Bu yerdagi muzlarning erishi okean sathining global ko‘tarilishiga olib keladi, natijada dunyo bo‘ylab sohilbo‘yi hududlarining suv ostida qolish xavfi kuchaymoqda.
Bu tadqiqotlar natijalari shundan dalolat beradiki, Arktika muzlarining erishi faqat Arktikaga yaqin mamlakatlar emas, balki butun dunyo mamlakatlari uchun jiddiy oqibatlarni olib keladi. Hozirdanoq bu muammolarni yechish va oldini olish uchun global miqyosdagi hamkorlik zarurligi aniq ko‘rinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar