date
views 483

Rossiyada chigirtkadan yasalgan non sotuvga chiqishi mumkin: sababi nima?

Rossiyada chigirtkadan yasalgan non sotuvga chiqishi mumkin: sababi nima?
Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshishi fonida olimlar noodatiy va avval ko‘pchilik eshitmagan yangi usulni ishlab chiqdi. Endi bug‘doy uni bilan birga chigirtkalarning quritilgan va maydalangan xomashyosidan foydalanib non yopish taklif qilinmoqda. Aytish mumkinki, bu innovatsion texnologiya nafaqat mahsulotlarni arzonlashtirish, balki uning ozuqa qiymatini ham oshirishga xizmat qiladi.

Janubiy Ural davlat universiteti mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, chigirtka un tarkibida protein miqdori nihoyatda yuqori bo‘lib, bug‘doy uniga nisbatan qariyb olti barobar ko‘pdir. Olimlarning ta’kidlashicha, bu noan’anaviy mahsulotning tarkibidagi oqsil darajasi 60 foizdan oshadi, oddiy bug‘doy unida esa ushbu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 10 foiz atrofida bo‘ladi.

Bundan tashqari, chigirtka uniga asoslangan mahsulotlarda oqsillarning eruvchanlik ko‘rsatkichi uch marta yuqori bo‘lib, emulsiya hosil qilish qobiliyati bug‘doy uninikiga nisbatan qariyb besh baravar yuqoridir. Uning ko‘pik hosil qilish xususiyati esa bug‘doy uniga nisbatan to‘rt baravar yuqori bo‘lib, 67,4 foizni tashkil etadi.

Yangi turdagi non tayyorlashda suv o‘tlari va qo‘ziqorinlardan tayyorlangan maxsus qo‘shimchalar ham qo‘llanilishi mumkin. Xususan, professor Abduvali Toshevning qayd etishicha, chigirtka unini 5-15 foiz, suv o‘tlari (spirulina)ni 2-6 foiz va qo‘ziqorin kukunini 10-20 foiz miqdorida qo‘shish orqali «optimal ta’m va hidga ega bo‘lgan» yuqori ozuqa qiymatli non ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.

Uning aytishicha, chigirtka unini hatto minimal miqdorda aralashtirish ham mahsulotni foydali mikroelementlar bilan boyitadi, nonning umumiy ta’mini yaxshilab, uning yumshoqlik va pishiqlik xususiyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Rossiya bozorida non va boshqa un mahsulotlari narxi oxirgi bir necha yil davomida muntazam o‘sib bormoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning oxirida non narxi o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga oshgan bo‘lsa, bu jarayon 2025 yilda ham to‘xtamay, yanada keskin tus olmoqda. Bunday iqtisodiy holat aholining kundalik iste’molida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash va narxini tushirish bo‘yicha yangi yo‘llarni topish zaruratini keltirib chiqardi.

«Romir» tadqiqot agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklar kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun qilgan xarajatlari 2025 yilning aprelida rekord darajaga yetgan. Ular oilaviy budjetining qariyb 34,6 foizini oziq-ovqat mahsulotlariga sarflashga majbur bo‘lishmoqda. Bu ko‘rsatkich so‘nggi besh yildagi eng yuqori raqam hisoblanadi.

Iste’molchilar uchun vaziyatni og‘irlashtirgan holda, non ishlab chiqaruvchilar joriy yil boshida narxlarni 10-12 foizga oshirishga qaror qilishdi. Buning asosiy sabablari orasida xomashyo qimmatlashuvi, logistika xarajatlarining o‘sishi, soliq yukining oshishi kabi faktorlar ko‘rsatilmoqda.

Rossiya olimlari ishlab chiqqan chigirtka va boshqa notraditsion mahsulotlar asosidagi yangi texnologiya aynan shu muammolarni hal qilish yo‘lidagi muhim bir qadamdir. Tadqiqotchilar bunday turdagi noan’anaviy mahsulotlarning ommaviylashuvi nafaqat iqtisodiy manfaat, balki iste’molchilarning sog‘lig‘i va ozuqalanish sifatiga ijobiy ta’sir qilishini ham urg‘ulashmoqda.

Toshevning aytishicha, yangi non turining dunyo bo‘ylab qabul qilinganligi va hatto Yevropa bozorlarida ham ommalashib borayotgani inobatga olinsa, bu innovatsiya Rossiya aholisi uchun ham foydali va tannarxi jihatdan maqbul bo‘lishi mumkin.

Bu kabi innovatsion mahsulotlar nafaqat ozuqaviy qiymati, balki iqtisodiy jihatdan ham jozibali ekanligi ta’kidlanmoqda. Xulosa qilib aytganda, chigirtka va boshqa noodatiy komponentlardan foydalanish rossiyaliklar uchun narx barqarorligi va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashning zamonaviy yechimi sifatida qaralmoqda. Shuning uchun yaqin orada rossiyalik iste’molchilarning stolida chigirtkadan yasalgan non ko‘rinishi ehtimoldan xoli emas.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada chigirtkadan yasalgan non sotuvga chiqishi mumkin: sababi nima?