
BMT aholi jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan so‘nggi hisobot jahon miqyosida tug‘ilish darajasi keskin kamayib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, zamonaviy insonlarning farzandli bo‘lish yo‘lida to‘qnash kelayotgan muammolari aslida, butun jamiyatning umumiy ahvolini namoyon qiladi.
Tahlilchilar 14 mamlakatda 14 mingga yaqin kishi o‘rtasida so‘rov o‘tkazishdi. Ularning orasida hozirgi kunda sayyoramiz aholisining uchdan bir qismi yashaydigan Hindiston, AQSH, Germaniya, Braziliya, Janubiy Koreya kabi yirik davlatlar ham bor. Respondentlarning aksariyati oila qurish va farzand ko‘rish istagini yashirmagan, biroq amaliy hayotda bunga to‘siq bo‘ladigan qator omillarni sanab o‘tishgan.
Eng avvalo, pul topishdagi qiyinchiliklar va doimiy ish o‘rinlarining yetishmasligi, uy-joy masalasidagi muammolar, kelajakka bo‘lgan ishonchsizlik, hatto turmush o‘rtog‘ining yo‘qligi kabi omillar ko‘pchilikning asosiy tashvishlaridan ekani ayon bo‘ldi. Ekspertlar ta’kidlashicha, bu muammolar faqat iqtisodiy sabablar bilan emas, ijtimoiy me’yorlar, nomuayyanlik va jamiyatdagi uzoq muddatli barqarorlikning yo‘qligi bilan ham bog‘liq.
BMT aholi jamg‘armasi rahbari Nataliya Kanem so‘zlariga ko‘ra, juda ko‘p insonlar oila qurish va farzand ko‘rishni chindan ham xohlashadi, ammo ayni paytda bu uchun yetarli imkoniyat va shart-sharoitga ega emas. Tug‘ilish darajasining pasayishi ota-onalikni istamaslik bilan emas, balki tanlov imkoni cheklangani bilan izohlanadi.
Hisobotda tug‘ilishning kamayishiga ta’sir qiluvchi asosiy sabablar quyidagicha keltirilgan:
- Respondentlarning yarmidan ko‘pi oila qurish va farzandli bo‘lish yo‘lidagi asosiy to‘siqni moddiy imkoniyatlar yetishmasligida deb hisoblaydi.
- Har uchinchi ayol hayotida kutilmagan homiladorlik holatini boshidan kechirgan.
- 50 yoshdan oshgan ishtirokchilarning 40 foizi “ota-onalik rejasi” orzu bo‘lib qolganini tan olgan.
- So‘rovda qatnashganlarning 11 foizi oilada mas’uliyat va majburiyatlar teng taqsimlanmasligi muammosini ta’kidlagan.
Shu qiyinchiliklarga qaramasdan, ko‘pchilik uchun farzandli bo‘lish orzusi o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. So‘rov natijalariga ko‘ra, ayollarning 38 foizi va erkaklarning 35 foizi kamida ikki nafar farzand, 15 foizi esa uch nafardan ko‘proq farzand ko‘rishni orzu qiladi.
Zamonaviy dunyoda oila qurish va farzandli bo‘lish orzusi ko‘pchilik uchun qadrli bo‘lib qolmoqda, lekin bugungi kunda ijtimoiy va iqtisodiy to‘siqlardan o‘tish ancha qiyinlashgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar