date

AQSHning Rossiyadagi elchisi diplomatik missiyasini yakunladi: u qanday iz qoldirdi?

AQSHning Rossiyadagi elchisi diplomatik missiyasini yakunladi: u qanday iz qoldirdi?
2023 yilning yanvaridan buyon AQSHning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelgan Linn Treysi diplomatik faoliyatini yakunladi va juma kuni, 27 iyunda Moskvani tark etdi. Bu haqda AQSHning Rossiyadagi elchixonasi o‘zining rasmiy Telegram kanali orqali xabar tarqatdi.

Elchixona tomonidan e’lon qilingan xabarda ta’kidlanishicha, Treysi xonimning diplomatik xizmat davridagi hissasi doimiy diplomatik aloqalar, Rossiya madaniyatiga nisbatan chuqur hurmat va Amerika xalqiga chin dildan xizmat qilish kabi muhim tamoyillarga asoslangan edi. Uning faoliyatini ochiqlik, samimiylik va eng murakkab paytlarda ham samarali muloqot olib borishga bo‘lgan qat’iy ishonch ajralib turardi.

O‘z navbatida, Linn Treysi Moskvadagi diplomatik missiyasini yakunlash munosabati bilan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: «Men mamlakatlarimiz munosabatlarining juda og‘ir pallasida Moskvada Amerika Qo‘shma Shtatlarini vakili sifatida taqdim etganimdan juda faxrlanaman. Rossiyani tark etar ekanman, elchixonadagi hamkasblarim AQSH va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi muloqotni yaxshilash, o‘zaro tushunish va hamkorlik uchun bor imkoniyatlarini safarbar qilishda davom etishlariga ishonaman. Rossiyada faoliyat yuritgan paytimda o‘z vatani uchun chin dildan mehnat qiladigan, har kuni yaxshi kelajak uchun intilayotgan rus xalqi vakillari bilan uchrashuvlar meni har doim ilhomlantirib kelgan».

Shu bilan birga, Linn Treysi mashhur rus shoiri Aleksandr Pushkinning vatansevarlik mavzusida yozilgan «Chaadayevga» she’ridan iqtibos keltirdi:

«Ozodlik bilan yonayotganda,
Qalb sharaf uchun tirik ekan,
Do‘stim, Vatanga bag‘ishlaylik
Qalbimizning go‘zal shiddati!»

Eslatib o‘tamiz, Linn Treysi 30 yildan ortiq diplomatik tajribaga ega bo‘lib, 2023 yil yanvar oyida AQSHning Rossiyadagi elchisi lavozimiga tayinlangan edi. U mazkur lavozimda o‘zidan oldin faoliyat yuritgan Jon Sallivanning o‘rniga kelgan. Ilgari Treysi AQSHning Armanistondagi elchisi sifatida, shuningdek, 2014–2017 yillarda AQSHning Rossiyadagi elchixonasida missiya rahbari o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. 2017–2018 yillarda esa AQSH Davlat departamentining Yevropa va Yevrosiyo byurosida Rossiya bo‘yicha katta maslahatchi bo‘lib faoliyat olib borgan.

2024 yilning 29 oktyabrida, Siyosiy qatag‘on qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan Treysi Moskvadagi Solovetskiy toshiga gul qo‘yish marosimida boshqa g‘arblik diplomatlar bilan birga qatnashgan. Shuningdek, 16 fevral kuni rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy vafotining bir yilligi munosabati bilan u Moskvadagi Borisovskoye qabristonida o‘tkazilgan gulchambar qo‘yish marosimida ham ishtirok etgan.

Treysining ta’kidlashicha, Moskvadagi elchilik missiyasi yakunlanganidan so‘ng u diplomatik xizmatdan butunlay voz kechib, o‘z oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Shubhasiz, Linn Treysining faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning eng murakkab davriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, uning diplomatik xizmat davridagi harakatlari va munosabatlari do‘stlik va samimiylik ruhida kechganini ko‘rsatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHning Rossiyadagi elchisi diplomatik missiyasini yakunladi: u qanday iz qoldirdi?