
Yaqinda Shusha shahrida o‘tgan media forumda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tarixiy nutq so‘zladi, deb xabar berdi newsukraine.rbc.ua. Unga ukrainaliklarga o‘z hududiy yaxlitligini tiklashda qanday maslahat berasiz, degan savol berildi. Aliyevning javobi nafaqat Ozarbayjon, balki bosqinchilikdan aziyat chekkan barcha millatlar uchun muhim signal bo‘ldi.
Davlat rahbari avvalo hech qachon bosqinni qabul qilmaslik zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan bu pozitsiya Ozarbayjonga qiyin davrlarni yengib o‘tishda kuch va sabr baxsh etgan. “Bu, menimcha, ukrainaliklarning intilishlariga mos keladi. Bosqinni hech qachon qabul qilmang. Bu asosiy maslahat. Biz ham shunday qildik”, dedi u.
Aliyev mamlakat tarixi haqida to‘xtalar ekan, Qarabog‘ urushi ortidan kelgan og‘ir oqibatlar, millionga yaqin qochqin, iqtisodiy qiyinchiliklar va xalqaro yordam esa umuman berilmaganini esga oldi.
“Iqtisodiy nuqtayi nazardan, bir million odam tirikchilik vositasidan ayrildi. 700 mingdan ortiq ozarbayjonlik Qorabog‘ mintaqasidan qochib keldi. Shuningdek, Armanistonda yashagan 250 ming ozarbayjonlik deportatsiya qilindi”, dedi prezident.
Prezident ta’kidlagan muhim jihatlardan biri – mamlakat va jamiyat birdamligi. Uning fikricha, aynan xalqning Prezident va bosh qo‘mondonga ishonchi Ozarbayjonni buyuk g‘alabaga yetaklagan. Bu birlik hududiy yaxlitlik yo‘lidagi eng katta omil bo‘ldi.
“Biz asta-sekin oyoqqa tura boshladik, rivojlandik va faqat bitta narsani o‘yladik. Ishonchim komilki, fuqarolarimizning katta qismi mening so‘zlarimga qo‘shiladi. Biz bosib olingan hududni qaytarish haqida o‘yladik. Bu juda qiyin bo‘lishini tushunardik”, dedi Aliyev.
Aliyev tarixiy jarayonlar haqida gapirar ekan, OSCE Minsk guruhi faoliyatida adolatsizlik va status-kvoni saqlab qolish harakatlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon kutilmagan to‘siqlar va “vaqtni cho‘zish” urinishlariga qaramay, 2020 yilda mustaqil qaror qabul qilib, tarixiy adolatni tiklash uchun amaliyotni boshlagan va nihoyat 2023 yilda masalani bir kunda hal qilgan.
Yakunda, Ilhom Aliyev o‘z hayot yo‘li va mamlakat tajribasi asosida hech qachon taslim bo‘lmaslik, hududiy yaxlitlikdan voz kechmaslik va jamiyatning birdamligiga tayanish eng muhim omillar ekanini yana bir bor qayd etdi. Urushlar faqat bir tomon taslim bo‘lgandagina tugashi, sulh esa kuch to‘plash uchun vaqt berishini eslatdi.
“Jamiyatning birdamligi menga prezident va bosh qo‘mondon sifatida kuch berdi. Men xalqning meni qo‘llab-quvvatlashiga ishondim. Bu, ehtimol, hal qiluvchi omil bo‘ldi. Shunday qilib, yana takrorlayman: hech qachon taslim bo‘lmang”, dedi Aliyev.
Bu nutq – mustaqillikka intilayotgan, muvaffaqiyat yo‘lida sabr va birlikdan kuchi topadigan xalqlar uchun ulkan ilhom va umid manbai bo‘lib qoladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar