AQSh prezidenti Donald Trampning yangi boj siyosati xorijdan keltiriladigan mahsulotlarga katta soliq yukini yuklamoqda. Aprelda eʼlon qilingan tariflar Xitoy, Vetnam, Kanada, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardan import qilinadigan mahsulotlar narxini oshirishga olib kelmoqda.
Kiyim-kechak va poyabzal importi uchun 30–35 foizlik boj belgilangan. Bu, asosan, Vetnam, Xitoy va Bangladeshda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga taalluqli. Natijada Walmart, Levi Strauss va Nike kabi yirik kompaniyalar narxlarni oshirmoqda.
Qahva, zaytun moyi, pomidor va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga ham yangi tariflar qo‘llanilmoqda. Masalan, Braziliya qahvasiga 50 foiz, Vetnam qahvasiga esa 20 foiz boj belgilangan.
Mart oyidan boshlab xorijiy avtomobillarga 25 foizlik boj joriy qilingan. Garchi avtomobil narxlari hozircha barqaror bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchilar bu xarajatlarni uzoq muddat o‘z zimmasiga ololmasligi mumkin.
Uy-joy qurilishida ishlatiladigan po‘lat, alyuminiy va mis kabi asosiy materiallarga tariflar oshirilgan. Bu esa yangi uylarning umumiy qiymatini oshiradi.
Kanadadan keltiriladigan neftga 10 foiz boj joriy qilinishi yoqilg‘i narxlariga taʼsir qilishi mumkin. AQShda ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlari aynan Kanadadan keladigan qattiq xomashyoni qayta ishlashga moslashtirilgan.
Tramp tariflar orqali mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan. Biroq iqtisodchilar bu chora qisqa muddatda amerikaliklar uchun kundalik xarajatlarning oshishiga olib kelishini taʼkidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!