Kanonda bedarak yo‘qolgan 53 yoshli uchuvchining jasadi topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Grand-Kanon hududida sel oqibatida bedarak yo‘qolgan 53 yoshli uchuvchi Timoti Allen Smitning jasadi topildi.
- Uning inson qoldiqlari 14 sentyabr kuni Kolorado daryosidagi Crystal Rapid yaqinidan topilgan.
- Timoti Smit 29 avgust kuni Bright Angel Canyon va Phantom Ranch hududlarida sodir bo‘lgan kuchli selda do‘stlari Jon Justi va Brent Rozenkrans bilan birga yo‘qolgan edi.
AQSHning Grand-Kanon hududida kuchli sel vaqtida ikki do‘sti bilan bedarak yo‘qolgan uch nafar farzandning otasi Timoti Allen Smitning jasadi qariyb uch haftadan so‘ng topildi.
Kokonino okrugi tibbiyot ekspertizasi xizmati topilgan inson qoldiqlari 53 yoshli Timoti Smitga tegishli ekanini tasdiqladi. Ular 14 sentyabr kuni Milliy park xizmati xodimlari tomonidan Kolorado daryosidagi Crystal Rapid yaqinidan topilgan.
Vayomingdagi Star Valley Ranch shahrida yashagan Tim 29 avgust kuni Bright Angel Canyon va Phantom Ranch hududlarida yuz bergan kuchli seldan so‘ng bedarak yo‘qolgan. U o‘sha paytda uzoq yillik do‘stlari Jon Justi va Brent Rozenkrans bilan sayr qilish, baliq ovlash va kemping uchun safarda edi. Bu haqda Need To Know xabar berdi.
Timning rafiqasi Kerri Smit Facebook orqali uning vafot etganini tasdiqlab, oilasi uch hafta davomida uning qaytishini kutib, umid qilganini aytdi.
“Biz endi kutmaymiz. Tim ikki kun avval Grand-Kanon milliy bog‘i qutqaruvchilari tomonidan topildi. Biz istagan tarzda bo‘lmadi, ammo u Jon va Brent bilan birga sevgan ishi bilan shug‘ullanganini bilamiz”, — dedi Kerri.
Ikki do‘sti ham sel qurboni bo‘lgan
Tim bilan kanonga kirgan 46 yoshli xiropraktik Jon Justi va 42 yoshli yakkakurash ustozi Brent Rozenkrans ham halok bo‘lgan.
Uch do‘st oylar davomida rejalashtirgan sayohatini 28 avgust kuni boshlagan. Ertangi kuni taxminan soat 14:30 da Bright Angel Creek yaqinida turgan paytda kuchli yomg‘irdan keyin to‘satdan sel kelgan.

Kuchli oqim soy ustidagi deyarli barcha piyodalar ko‘priklarini vayron qilgan, temir konstruksiyalar va boshqa chiqindilarni oqizib ketgan. Transcanyon Waterline tizimi ham jiddiy zarar ko‘rgan.
Keyingi ikki kun ichida 80 dan ortiq kishi qutqarilgan, ularning ko‘pchiligi vertolyotda olib chiqilgan.
Jonning jasadi 30 avgust kuni, Brentniki esa 31 avgustda topilgan. Tim esa qidiruv davomida bedarak qolgan so‘nggi shaxs bo‘lgan.
Uning qoldiqlari Phantom Ranch hududidan qariyb 10 mil pastda aniqlangan.
Uchuvchi Tim haqida nimalar ma’lum?
Tim Texasning Granbury shahrida ulg‘aygan va keyin rafiqasi Kerri hamda uch nafar farzandi bilan Vayomingning g‘arbiy qismiga ko‘chgan. Juftlik 18 yil turmush qurgan.
Oilasi uni tabiatni sevuvchi, sayr qilish, kemping, yangi joylarni kashf etish va boshqalarga yordam berishni yaxshi ko‘rgan inson sifatida esladi.
Tim uchuvchi bo‘lib ishlagan, yaqinlari uni xususiy aviatsiya kompaniyasi NetJets uchun parvoz qilganini bildirgan.
Uning o‘limidan so‘ng yaqinlari va u yashagan jamoalar tomonidan ko‘plab hamdardlik bildirildi. Uning oilasiga bo‘lgan mehri va diniy e’tiqodi alohida ta’kidlandi.
Vayomingda Tim va oilasi qatnashgan Emmanuel Bible Church qidiruv davrida uning uchun duo yig‘ilishini o‘tkazgan. Granbury High School'ning sobiq o‘quvchilari guruhida ham uning vafoti munosabati bilan xotira so‘zlari qoldirilgan.
AQSH Milliy park xizmati Tim, Jon va Brentning oilalariga chuqur hamdardlik bildirib, bir necha hafta davomida og‘ir sharoitlarda ishlagan qidiruv guruhlari va hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdi.






























Izohlar 0
…