AQSH va Rossiya prezidentlari – Donald Tramp hamda Vladimir Putinning 15 avgust kuni Alyaska shtatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvini butun yer yuzi kuzatdi: Ukraina bosqiniga qarshi bo‘lgan davlatlar xavotir va hadik bilan, Rossiyaga xayrixoh hamda yaqin ittifoqdosh mamlakatlar esa mamnun ruhda.
Avval xabar berganimizdek, ikki davlat rahbari ishtirokidagi qariyb uch soatlik muloqot amaliy natija bermay yakunlandi. Ukraina hududida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha hech bo‘lmaganda vaqtinchalik kelishuvga ham erishilmadi.
Muzokaradan keyingi matbuot anjumanida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi to‘qnashuvni to‘xtatish uchun “ziddiyatning birlamchi omillarini bartaraf etish kerak”ligini aytdi. Sir emas, Moskva Kiyev oldiga qabul qilinishi qiyin bo‘lgan talablarni qo‘yib kelmoqda.
Prezident Donald Tramp esa rossiyalik hamkasbi bilan suhbatni ijobiy baholadi. U hatto Fox News telekanaliga bergan intervyusida uchrashuvga 10 ballik tizimda “o‘nlik” qo‘yishini ta’kidladi. Biroq ko‘plab tahlilchilar Alyaskadagi uchrashuv amaliy samara bermagan holda Putinga katta imidj ochkolari keltirganini yozmoqda.
Tramp Putinni aeroportda qizil gilam to‘shalgan yo‘lakda shaxsan kutib oldi va qo‘lini qisib hurmat izhor qildi. So‘ng u Putinni o‘z limuziniga taklif etdi. Shu tarzda ikki lider yaqin hamsuhbatlar kabi AQSH prezidentining xizmat mashinasida muzokara zaliga yo‘l olishdi.
Ma’lumki, Xalqaro jinoyat sudi 2023 yili Putinga harbiy jinoyatlar yuzasidan hibs orderi bergan edi. Umuman, Rossiya rahbari Ukrainaga qarshi tajovuzkor harakatlar sabab so‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyatda deyarli yakkalab qo‘yilgani ma’lum. Shunga mos ravishda Putinning AQSHda dabdaba bilan kutib olinishi Yevropa poytaxtlari va Kiyev tomonidan xush qabul qilinmadi.
BBC nashri yozishicha, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv chiqmagani bilan, Putinning bosh maqsadi amalga oshdi: Tramp 2015 yildan beri AQSHga qadam qo‘ymagan Putinni yuksak hurmat bilan qarshi olib, uni qaytadan xalqaro siyosiy sahnaga chiqardi. Sky News ham shunga yaqin xulosada.
“Putin Amerika zaminida katta davlatga teng sherik sifatida qarshi olindi. Qizil poyandoz, qo‘l berishib ko‘rishish, havo namoyishi… Bunday munosabatni faqat Shimoliy Koreya kabi mamlakat ko‘rsatishi mumkin edi. Tramp Rossiya prezidentini sanksiya o‘rniga davlat tashrifi bilan siyladi. Yakka harakat qiluvchi rahbar teng hamkorga aylandi”, – deb yozdi Sky News muxbiri Ayvor Bennett.
AQSH diplomatiyasining faxriysi, Davlat departamentida 40 yil xizmat qilgan Deniyel Fridga ko‘ra, muzokaralarda Putin Trampga hech qaysi masalada yon bermadi.
“Tramp o‘zini ustun holatda ko‘rsatishni istadi, ammo biror natijaga erisholmadi. Bu sammit g‘oyasi (Prezidentning maxsus vakili Stiv) Uitkoffning Kreml (Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha) kelishuvga tayyor degan noto‘g‘ri xulosasi sabab paydo bo‘ldi. Yo Putin barchani atayin chalkash xulosaga yetakladi yoki Uitkoff uni noto‘g‘ri angladi. Lekin Rossiya bitimga tayyor emasligi ayon edi”, — deya ta’kidlaydi Deniyel Frid.
Ukrainaning AQSHdagi sobiq elchisi Valeriy Chaliy ham “tinch aholi vakillarini o‘ldirishda ayblanayotgan” shaxsga bunday yuksak ehtirom ko‘rsatilishini “nafrat uyg‘otadigan ish” deb atadi.
Tramp tinchlik kelishuvi imzolanmasa, Rossiyaga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etishini aytib kelardi. Lekin uchrashuvdan so‘ng u hozircha Moskva va uning savdo sheriklariga yangi moliyaviy cheklovlar qo‘ymasligini bildirdi. Ekspertlarcha, bu ham muzokaralarda Putinning qo‘li baland kelganidan darak.
Na muloqot chog‘ida, na matbuot anjumanida Tramp Ukraina ko‘rayotgan zulm, jumladan, Rossiyaning bombardimonlari oqibatida tinch fuqarolar halok bo‘layotgani haqida bir og‘iz so‘z ochmadi. Bu holat ham Kreml uchun yutuq sifatida talqin etilmoqda.
Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasining sobiq rahbari, Germaniyaning AQSH va Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Volfgang Ishinger ham Alyaskada “to‘p Putinda qoldi” deb hisoblaydi.
“Hech qanday real natija yo‘q. Hisob Putin foydasiga: 1–0. Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar yo‘q. Ukraina uchun ham foyda yo‘q. Yevropa esa ruhan tushkun”, – deydi Volfgang Ishinger.
Yevropa parlamenti mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Simmerman esa “tajovuz boshlab, qo‘shni hududni bosib olayotgan” Rossiya rahbariga Oq uy tomonidan ko‘rsatilgan iliq munosabatni “kompasning adashishi” deb baholadi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning joriy yil 28 fevralda Vashingtonda Tramp bilan uchrashuvi misli ko‘rilmagan diplomatik mojaro bilan tugagandi. OAV oldidagi tortishuv tufayli rejalashtirilgan muzokara va bitim imzolash marosimi bekor etilgan, Tramp ma’muriyati Ukraina delegatsiyasidan darhol Oq uyni tark etishni so‘ragan, hatto mezbon kuzatib qo‘yishga ham chiqmagan edi.
NBC News o‘sha voqeani eslatar ekan, bu gal Oq uy egasi rossiyalik hamkasbiga tamoman boshqa darajada hurmat ko‘rsatganini qayd etdi.
2016 yilgi saylovda Trampga raqib bo‘lgan Hillari Klinton undan Ukraina masalasida Rossiyaga yon bermaslikni talab qildi.
“Tramp bugun AQSHga do‘st bo‘lmagan shaxs bilan uchrashishini anglashi shart. U Amerikani zaiflashtirish va G‘arb koalitsiyasini parchalashni istagan raqib bilan uchrashmoqda”, – deya ogohlantirdi H.Klinton.
Juma kungi muloqot yakunlarida Putin Trampni keyingi safar Moskvada ko‘rishga taklif etdi. Axios nashri Putin bu taklifni ingliz tilida aytganiga urg‘u berdi. Eslatilishicha, Kreml rahbari har doim ham inglizcha gapirmaydi.
Ma’lumot uchun: Tramp Putin bilan uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qildi. Uning ta’kidicha, endilikda Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish ko‘proq Zelenskiy va Yevropa poytaxtlariga bog‘liq.
AQSH rahbari bugun tundagi postida Ukrainada vaqtinchalik otashkesim emas, balki urushni to‘la to‘xtatish muhim ekanini yozdi.
Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya yetakchilari esa Alyaskadagi uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotlarida Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama sammit o‘tkazish zarurligini uqtirdi. Ta’kidlanishicha, Ukrainada xunrezlik to‘xtamasa, YEI va London Moskvaga bosimni davom ettiradi, sanksiyalar va iqtisodiy cheklovlar yanada kuchaytiriladi.
CNN tarqatgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Tramp Yevropa yetakchilari bilan Ukrainaga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolati berish ehtimolini muhokama qilmoqda. Rossiya bilan tinchlik bitimi imzolangan taqdirda ham, Kiyevga AQSH va Yevropa tomonidan muayyan kafolat taklif etilishi mumkin. Hozircha bu kafolatning formati va shartlari aniq emas.
Alyaskadagi uchrashuv: natija ko‘rinmadi, bahs va savol ko‘p...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar