date

Makronga tanqid yozgan AQSH elchisi Fransiyaga chaqirildi

Makronga tanqid yozgan AQSH elchisi Fransiyaga chaqirildi
Fransiya va AQSH o‘rtasida diplomatik maydonda yangi tortishuv yuzaga keldi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Parijdagi Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Charlz Kushnerni rasman chaqirtirishini ma’lum qildi. Bu qaror elchi tomonidan yozilgan tanqidiy xat bilan bog‘liq bo‘lib, u Fransiya hukumatini mamlakatda kuchayib borayotgan antisemitizm holatlariga qarshi yetarli chora ko‘rmayotganlikda ayblagan.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda ta’kidlanishicha, elchi Kushner o‘z maktubida mamlakat prezidenti Emmanuel Makronga murojaat qilgan va Fransiyada antisemitizm ildiz otayotganidan jiddiy xavotir bildirgan. Shuningdek, u hukumat harakatlari bu tahdidni bartaraf etishda zaif va samarasiz ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Rasmiy Parij esa bu ayblovlarni keskin inkor etdi. «Fransiya ushbu iddaolarni mutlaqo asossiz deb hisoblaydi va ularni qat’iyan rad etadi», — deyiladi bayonotda. Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi Kushnerning chiqishini nomaqbul deb baholab, uning bayonotlari xalqaro huquq qoidalariga zid ekanini eslatdi.

«Ushbu so‘zlar davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsipiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Bu qoida 1961 yilda qabul qilingan Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasida ham alohida belgilab qo‘yilgan», — deyiladi rasmiy matnda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Charlz Kushner 25 avgust, dushanba kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqiriladi va unga rasmiy ravishda e’tiroz bildiriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Makronga tanqid yozgan AQSH elchisi Fransiyaga chaqirildi