Shotlandiyada tug‘ilish ko‘rsatkichlari rekord darajada kamaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda atigi 45 763 bola dunyoga keldi. Bu 1855-yildan beri qayd etilgan eng past natija hisoblanadi.
Mutaxassislarning aytishicha, bunday kamayish uzoq muddatli demografik o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Aholi o‘zini tabiiy yo‘l bilan tiklab olishi uchun har bir ayol o‘rtacha 2,1 farzand ko‘rishi kerak. Ammo Shotlandiyada bu ko‘rsatkich atigi 1,25 ni tashkil etmoqda.
Hisobotda shuningdek, chaqaloqlar o‘limi va o‘lik tug‘ilishlar ko‘rsatkichi ham tarixiy darajada pastligi qayd etildi. Shu bilan birga, o‘tgan yili Shotlandiyada tug‘ilganlardan 16 mingdan ortiq odam ko‘proq vafot etgan. Aholi soni faqat migratsiya hisobiga ortib bormoqda.
Tug‘ilishdagi o‘zgarishlar onalik yoshida ham yaqqol ko‘rinmoqda. 1960-yillarda ko‘pchilik ayollar 20 yoshlarida farzand ko‘rgan bo‘lsa, bugun eng ko‘p tug‘ilish 30–34 yosh oralig‘ida qayd etilmoqda. O‘tgan yili barcha tug‘ilishlarning 35 foizdan ortig‘i aynan shu yoshdagi ayollarga to‘g‘ri keldi.
Mutaxassislar bu jarayon global miqyosda ham kuzatilayotganini aytmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tug‘ilish kamaymoqda. Sabablari esa turmush xarajatlarining oshishi va oilaviy hayotdagi qiyinchiliklar bilan bog‘liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar