Belgiya hukumati sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasmiy tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Belgiya bu qaror orqali Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada va Avstraliya qatoriga qo‘shiladi. Shu bilan birga, Isroilga nisbatan qator keskin choralar — “qat’iy sanktsiyalar” joriy etilishi kutilmoqda. Ular orasida G‘arbiy sohildagi yahudiy posyolkalaridan mahsulot importini taqiqlash va sud jarayonlarini boshlash imkoniyati ham bor.
Isroil TIV va Belgiyadagi elchixona hozircha bu xabarga javob bermadi. Biroq avvalroq Isroil tashqi ishlar vazirligi Londondagi Falastinni tan olish rejasini “HAMAS uchun mukofot” deb baholagandi.
Iyul oyida Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer shunday qaror qabul qilish shartlarini bayon qilgan edi:
-
Isroil G‘azodagi og‘ir vaziyatni to‘xtatish uchun amaliy chora ko‘rishi shart;
-
otashkesimga rozi bo‘lishi lozim;
-
ikki davlatli yechim imkoniyatini qayta yo‘lga qo‘yishi zarur;
-
BMTning gumanitar yordam yetkazishiga ruxsat berilishi kerak;
-
G‘arbiy sohilda yangi anneksiyalarga yo‘l qo‘yilmasligi shart.
BMT Bosh Assambleyasi Nyu-Yorkda 9 sentyabrdan boshlanadi. Irlandiya, Ispaniya va Norvegiya allaqachon Falastinni davlat sifatida tan olgan. 2024 yil mart holatiga ko‘ra esa, BMTning 193 a’zosidan 147 tasi Falastinni rasmiy davlat deb e’tirof etgan.
Shu orada Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy sohilda yangi turar-joy posyolkasi qurish rejasini e’lon qildi va bu qadam “Falastin davlatchiligi g‘oyasini butunlay yo‘qqa chiqaradi”, deya ta’kidladi.
Bundan tashqari, AQSh davlat kotibi Marko Rubio Falastin ma’muriyati hamda Falastin Ozodlik Tashkiloti (FOT)ning 81 vakilining vizasini bekor qildi. Bu ularning BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish imkoniyatini cheklaydi.
Qayd etish joizki, 1947 yilgi BMT kelishuvida ko‘ra, AQSh xorijiy diplomatlarni Nyu-Yorkdagi yig‘ilishlarga kirishini ta’minlashi shart. Biroq Vashington xavfsizlik va tashqi siyosat sabablarini ko‘rsatib, vizani rad etish huquqiga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!