“80 yil, 80 bahor, 80 yoz”: Saidkomil Umarov uzoq umr ko‘rish sirini aytdi (video)

“80 yil, 80 bahor, 80 yoz”: Saidkomil Umarov uzoq umr ko‘rish sirini aytdi (video)

O‘zbekiston xalq artisti Saidkomil Umarov “Omon-Omon” ko‘rsatuvida 80 yoshni qarshi olish arafasida uzoq umr ko‘rish siri haqida gapirdi.

Aktyorga “Siz bu yil 80 yoshni qarshi olasiz. Sakson yil, sakson bahor, sakson yozni ko‘rgan insonsiz. Buning sirini ochamizmi?” deya savol berildi.

“Siri shundaki, agar oilangizda sevimli bo‘lsangiz, oila a’zolaringiz sizga e’tibor bersa, farzandlaringiz, nevaralaringiz, qarindosh-urug‘laringiz, jiyanlaringiz va qolaversa, yurt sizni e’zozlasa, qarishga yo‘l bo‘lsin. Inson yasharishga harakat qiladi, tabiatning o‘zi ham insonni yoshartira boshlaydi. 'Keksalik muhabbatdan saqlab qololmaydi, lekin muhabbat insonni keksalikdan saqlaydi', degan gap bor”, — dedi san’atkor.

Boshlovchilardan biri aktyorning so‘zlariga qiziqib, “Qanday qiziq gap. Demak, bunga sabab muhabbat. Muhabbatga to‘lib yashaysiz”, deya ta’kidladi.

“Albatta, muhabbat. Insonning insonga bo‘lgan munosabati, birinchi galda, juda ham zarur narsa. Ko‘chaga chiqdingmi, tabassum qil. Nima uchun qovoq solasan? Sendan birov qarzdormi yoki sen undan qarzdormisan? Yaxshi salom-alik qilib, diydorlashib, hol-ahvol so‘rashga nima yetsin”, — deya qo‘shimcha qildi Saidkomil Umarov.

Aktyorning fikricha, insonning atrofdagilarga bo‘lgan munosabati, mehr va e’tibor hayotga bo‘lgan qarashida muhim o‘rin tutadi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar