Bangladesh hukumati milliy baliq — hilsani noqonuniy ovdan asrash maqsadida harbiy kemalar va patrul vertolyotlarni jalb etdi. Bu haqda Mudofaa kuchlari ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hilsa har yili tuxum qo‘yish uchun Bengal qo‘ltig‘idan daryolarga harakatlanadi. Shu sababli, rasmiylar 4-oktyabrdan 25-oktyabrgacha baliq ovlashga 3 haftalik taqiq joriy etgan. Bu davrda 17 ta harbiy kema va patrul samolyotlar sutkalik nazorat olib bormoqda.
Hilsa — Bangladeshda nafaqat sevimli taom, balki millionlab odamlarning asosiy daromad manbai. Dakka bozorlarida bu baliqning bir kilogrammi 2 200 takaga (18,4 dollar) sotiladi. Mutaxassislar fikricha, iqlim o‘zgarishi va dengiz sathining ko‘tarilishi baliq soniga ta’sir ko‘rsatmoqda.
WorldFish tashkiloti mutaxassisi Abdul Vahobning so‘zlariga ko‘ra, harbiy kemalar o‘rniga dronlardan foydalanish samaraliroq bo‘lardi. Hukumat taqiq davrida har bir baliqchi oilasiga 25 kg guruch tarqatgan, ammo baliqchilar bu yordamni yetarli deb hisoblamayapti.