Hindistonning shimolda joylashgan Ximachal-Pradesh shtatida kuchli ko‘chki oqibatida qo‘rqinchli fojea sodir bo‘ldi. India Today xabar berishicha, Bilaspur tumanida 30 yo‘lovchini olib ketayotgan xususiy avtobus tog‘ yetaklaridagi ko‘chki ta’sirida butunlay ko‘milib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chki Ball-u ko‘prigi yaqinida yuz bergan. Marotan shahridan Kalaul yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtobus kuchli yomg‘irlardan keyin siljib tushgan tuproq qatlami ostida qolgan. Hozirda favqulodda holatlar xizmati va qutqaruvchilar jonkuyarlik bilan qidiruv ishlarini olib bormoqda.
Rasmiylar tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha 18 nafar odamning jasadi topilgan. Qidiruv ishlari hali to‘liq yakunlanmagan, chunki hududda hanuz ko‘chki xavfi saqlanib turibdi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi voqeadan qattiq iztirobda ekanligini bildirib, halok bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etdi. Shuningdek, u Bosh vazir yordam jamg‘armasi hisobidan qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon puli to‘lanishini ma’lum qildi.
Mahalliy ob-havo xizmati ma’lumoticha, hududdagi kuchli yomg‘irlar tufayli so‘nggi kunlarda ko‘chkilar soni keskin oshgan. Hukumat fuqarolarni ehtiyot bo‘lishga va tog‘li hududlarda harakatlanmaslikka chaqirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!