Rossiya musulmon kuryerlariga harom mahsulot yetkazishni taqiqladi

Rossiya musulmon kuryerlariga harom mahsulot yetkazishni taqiqladi

Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi yetkazib berish sohasida faoliyat yuritayotgan musulmon xodimlar uchun yangi fatvo qabul qildi. Unga ko‘ra, Islom talablariga zid bo‘lgan mahsulotlarni tashish va yetkazib berish man etildi. Bu haqda boshqarmaning rasmiy matbuot xizmati xabar berdi.

Fatvoda aytilishicha, musulmon kuryerlarga spirtli ichimliklar, cho‘chqa go‘shti, shariat qoidalariga muvofiq so‘yilmagan hayvonlar go‘shti, butlar, qimor o‘yinlari bilan bog‘liq buyumlar hamda boshqa harom mahsulotlarni yetkazib berish taqiqlanadi. Bu qaror Islom shariati qoidalariga mos ravishda musulmonlarning mehnat faoliyatida halollikni ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Shu bilan birga, yangi tartibda aytilishicha, agar bunday tovarlar yo‘q qilish uchun tashilayotgan bo‘lsa yoki kuryer yuk ichida nimalar borligini bilmagan holda yetkazib bergan bo‘lsa, bu holat gunoh hisoblanmaydi.

Yetkazib berishga ruxsat etilgan mahsulotlar ro‘yxati ham aniq belgilangan. Unga ko‘ra, halol usulda so‘yilgan hayvon go‘shti, don mahsulotlari, sut, sariyog‘, mevalar, sabzavotlar, kiyim-kechak, maishiy texnika, qurilish buyumlari, mebel, kitoblar, dori-darmonlar va tibbiy asboblar kuryerlar tomonidan yetkazilishi mumkin.

Agar buyurtma ichida halol va harom mahsulot aralash holda bo‘lsa, kuryerga daromadning ma’lum qismini sadaqa sifatida xayriya qilish tavsiya etilgan.

“Agar kuryer buyurtma tarkibini aniq bilmasa, bu faoliyat shariatga zid deb hisoblanmaydi. Ammo agar u taqiqlangan mahsulotni bilib yetkazsa, bu Islom qoidalariga xilof bo‘ladi”, — deyiladi boshqarma bayonotida.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar